Toshkent shahri Uchtepa tumanida 35 yoshli erkakni kaltaklab, telefonini olib qo‘ygan uch nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar beradi Tergov departamenti.

Foto: Tergov departamenti

Ma’lum qilinishicha, 29-yanvar kuni soat 19:30 larda noma’lum shaxslar Uchtepa tumani 11-mavze Kichik halqa yo‘li ko‘chasidan o‘tib ketayotgan 35 yoshli fuqaro Ilhom A.ga nisbatan hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib, unga tegishli bo‘lgan qimmatbaho buyumlarini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan.

Ilhom A. u yerdan qochib ketgan, lekin noma’lum shaxslar uning ortidan Chilonzor tumani 10-mavze 17- va 19-uylar oralig‘igacha quvib kelib, unga tan jarohati yetkazib, narxi 2 million so‘mlik Samsung A-21 S rusumli uyali telefon apparatini talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringan.

Foto: Tergov departamenti

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida mazkur jinoyatni fuqaro 37 yoshli Viktor Z., 35 yoshli Mixail P. va Anatoliy L. mast holatda sodir etgani aniqlangan. Ular talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan Ilhom A.ga tegishli telefonni “Farhod dehqon bozori”da noma’lum shaxsga 300 ming so‘m evaziga sotib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan zo‘ravonlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “a,v” bandlari (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov davomida Viktor Z., Mixail P. va Anatoliy L. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.

Avvalroq Marg‘ilonda o‘zidan bir yosh katta yigitning 4,1 mln so‘mlik telefonini olib qo‘ygan 5 nafar voyaga yetmagan bolaga nisbatan jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘lgandi.