O‘zbekistonda 27—28-fevral kunlari sovrin jamg‘armasi 100 million so‘m bo‘lgan breyn-ring o‘yini formatida katta ochiq chempionat o‘tkaziladi. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi matbuot xizmati xabar berdi.
Bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning ma’lum qilishicha, “Zakovat” intellektual klubida yangi mavsum, yangi davr boshlanmoqda. 27—28-fevral kunlari sovrin jamg‘armasi 100 million so‘m bo‘lgan breyn-ring o‘yini formatida katta ochiq chempionat o‘tkaziladi.
Turnirda istalgan jamoa ishtirok etishi mumkin va buning uchun 6 kishilik jamoa tuzish lozim. Jamoa tuzilgach, “Zakovat.tv” saytida ro‘yxatdan o‘tish kerak bo‘ladi.
“Agar 6 kishilik jamoa tuza olmadingiz deylik, unda nima bo‘ladi? Xavotirga o‘rin yo‘q. Bemalol yakka tartibda ham ro‘yxatdan o‘ta olasiz. Biz keyinchalik yakka ariza yuborganlarni avtomatik 6 kishilik jamoalarga bo‘lib yuboramiz. Bahonada yangi do‘stlar orttirishingiz mumkin”, — deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, klubga a’zolik va turnirda qatnashish — bepul. Ta’kidlanishicha, ro‘yxatdan o‘tganlar o‘rtasida dastlab intellektual kasting o‘tkaziladi va undan o‘tgan jamoalar turnirda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. Breyn-ring turniri va intellektual kasting o‘tkaziladigan joy, vaqti, shartlari haqida “Zakovat.tv” sayti hamda @zakovat Telegram kanalida ma’lum qilinadi.
Avvalroq Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva “Zakovat” loyihasini o‘z otalig‘iga olgani haqida xabar berilgandi. Undan avvalroq esa “Milliy” telekanali “Zakovat” namoyishini to‘xtatgani ma’lum bo‘lgandi.