USM Telecom va “MegaFon” O‘zbekistondagi hamkorlar bilan birgalikda yangi qo‘shma korxona — Digital Holding’ni tashkil etdi. Uning tarkibidan Ucell kompaniyasi hamda USM’ning O‘zbekistondagi aktivlari — CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan o‘rin oldi, deb xabar bermoqda Ucell matbuot xizmati.

Foto: “RIA Novosti”

O‘zbekiston hukumati Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) orqali korxonaga Ucell telekom-operatorining 100 foiz ulushini topshirmoqda. Rossiya tomoni Digital Holding rivojlanishi uchun 100 million dollar investitsiya, shuningdek, USM’ning sho‘ba korxonalari — CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan’ni kiritmoqda.

Yangi korxonada “MegaFon” va USM Telecom teng ulush bilan tashkil etgan Digital Invest kompaniyasining ulushi 51 foiz, DABA ulushi 49 foizga teng. Bitim doirasidagi jarayonlar 2021-yil davomida yakuniga yetadi.

“Digital Holding e’tiborini O‘zbekiston Respublikasida aloqa xizmatlaridan foydalanishni yanada qulayroq qilish hamda sifatini oshirish uchun xalqaro standartlarga mos keluvchi telekommunikatsiya infrastrukturasini shakllantirishga, axborot xavfsizligi va ma’lumotlarni saqlash, ba’zi turdagi tovarlar harakatini markirovkalash va kuzatib borish sohalaridagi ilg‘or texnologiya va tizimlarni tatbiq etishga qaratadi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

“O‘zbekistonning raqamli xizmatlar bozorida yetakchi ishtirokchini yaratish ham ‘MegaFon’, ham MDH va Sharqiy Yevropa hududi texnologik liderni barpo etayotgan USM Telecom strategiyalariga mos keladi. Ishonchimiz komilki, ‘MegaFon’, Salohiyatli texnologiyalarni rivojlantirish markazi va ‘Iks Xolding’ning raqamli loyihalarni amalga oshirishdagi ko‘p yillik ekspertizasi O‘zbekistondagi sohaning eng yirik ishtirokchisini rivojlantirishga ko‘maklashadi”, — degan USM Telecom bosh direktori Ivan Streshinskiy.

“Raqamli xizmatlar iste’moli nuqtayi nazaridan, O‘zbekiston MDHning eng salohiyatli bozorlaridan, u so‘nggi 10 yil ichida mobil aloqa abonentlarining uch baravardan ko‘p o‘sishini namoyish etgan bo‘lsa-da, hali-hanuz to‘yinishdan yiroq. Biz 2021−yil davomida Ucell ichida jiddiy tarkibiy o‘zgarishlar qilish rejasidan yiroqmiz, ko‘proq jipslashish va Ucell’da biznes o‘sishi uchun eng yaxshi amaliyotlarni tatbiq etishga e’tiborimizni qaratamiz”, — degan “MegaFon” bosh direktori Gevork Vermishyan.

“Ishonchim komil: yangi qo‘shma korxonaning ishga tushishi O‘zbekistonning so‘nggi yillarda shiddat bilan rivojlanayotgan raqamli xizmatlar bozoriga yangi turtki bo‘ladi va Ucell hamda uning abonentlari uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi”, — deb ta’kidlagan O‘zbekiston bosh vazirining maslahatchisi Olimjon Umarov.

USM Telecom — USM xoldingining raqamli bo‘linmasi. “MegaFon” telekom operatori va “Iks Xolding” AT guruhining 100 foizini nazorat qiladi. USM Telecom’ning asosiy mulkdorlari − USM (80 foiz aksiyalar), Ivan Streshinskiy (10 foiz) va Anton Cherepennikov (10 foiz).

“MegaFon” — Rossiyaning telekommunikatsiya bozorida yetakchi o‘rinlarda turuvchi raqamli imkoniyatlar milliy operatori. “MegaFon” Rossiya telekom bozorining barcha segmentlarida, shu bilan birga Abxaziya, Janubiy Osetiya, va Tojikistonda faoliyat yuritadi, aloqa sifatiga azaldan alohida e’tibor qaratadi va abonentlariga yuqori tezlikdagi internet taqdim etadi.

“IKS Xolding” — Rossiyaning ko‘ptarmoqli AT-guruhi, u YADRO, Nexign, “Sitadel”, “Kriptonit” hamda “Forpost” nomli 5 ta subxoldingga birlashgan 30 ta kompaniyani o‘z ichiga oladi. “Iks Xolding” faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari — yirik ishlab chiqarish korxonalarini raqamli transformatsiyalash, axborot xavfsizligi, ma’lumotlarni saqlash tizimlari, kriptografiya va kvant hisob-kitoblar, mashinalashtirilgan ta’lim va neyrotarmoqlar, blokcheyn texnologiyalari va sun’iy intellektdan iborat. Xolding aloqa operatorlari uchun eng yirik AT yetkazib beruvchi sanaladi hamda Rossiyaning yirik AT ishlab chiqaruvchilari top uchtaligiga kiradi.

Salohiyatli texnologiyalarni rivojlantirish markazi raqamli iqtisodiyotdagi salmoqli loyihalarni amalga oshirish uchun tashkil qilingan. Markaz USM (50 foiz), Rostex davlat korporatsiyasi (25 foiz) va “Elvis-Plyus grupp” (25 foiz)ning qo‘shma loyihasidir. Salohiyatli texnologiyalarni rivojlantirish markazi Rossiyada tovarlarni raqamli markirovkalash va kuzatib borish davlat axborot tizimini yaratmoqda. Davlat-xususiy sheriklik shaklida tashkil qilingan CRPT Turon eksperiment natijalariga ko‘ra O‘zbekistonda tovarlarni raqamli markirovkalash va kuzatib borish tizimi operatori deb tanlangan.

Ucell — GSM, UMTS, LTE va 5G standartlaridagi o‘zbek uyali aloqa operatori. 2018-yilning 5-dekabridan OOO “COSCOM” (“Ucell” savdo belgisi) — 100 foiz davlat kompaniyasidir. O‘tgan ikki yil mobaynida 8 million abonentga ega Ucell O‘zbekiston uyali aloqa bozorida yetakchiga aylandi. 2020-yil fevral holati bo‘yicha aholi punktlaridagi qamrovi 97,6 foiz (GSM); 72,9 foiz (UMTS); 60,8 foiz (LTE)ni tashkil etmoqda. Ucell — O‘zbekistonda 5G standarti bo‘yicha ilk operator.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil oktabr oyidagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida Mobiuz va Perfectum bosqichma-bosqich xususiylashtirilishi, Ucell esa optimallashtirilishi belgilangandi.