Mobiuz va Perfectum aloqa operatorlari bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi, deb xabar beradi Spot.

Foto: Mobiuz

Hozirda davlatning birinchi operatoridagi ulushi 100 foizni, ikkinchisida esa — 65 foizni tashkil etmoqda. Ularning ikkisi ham xususiylashtirishdan oldingi maqsadli tayyorgarlik va investitsiya jozibadorligi dasturlari orqali ommaviy kimoshdi savdosiga qo‘yiladigan aktivlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Farmonda ko‘rsatilishicha, mazkur va boshqa kompaniyalarda davlat ulushining saqlab qolinishi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mehnat unumdorligini oshirish, xususiy kapitalni jalb etgan holda yangi ish o‘rinlarini yaratishga xalaqit bermoqda.

Boshqa bir davlat operatori — Ucell esa korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etilayotgan, operatsion samaradorligi oshirilayotgan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Mobiuz 2004-yildan 2013-yilga qadar MTC nomi ostidagi xususiy kompaniya edi. 2014-yilda davlat ulushi 49,9 foizga teng UMS tashkil etilgan, 2016-yilda esa davlat ulushi 100 foizga yetgan. 2019-yilgi rebrendingdan so‘ng operator hozirgi nomiga ega bo‘lgan.