AQSh hukumati koronavirusiga qarshi kurash doirasida Amerikaning Eli Lilly farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan antitana kokteylidan favqulodda foydalanish uchun ruxsatnomani tasdiqladi. Bu haqda AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika agentligi (FDA) veb-saytida berilgan xabarga tayanib, “RBK” yozmoqda.

Foto: AP

FDA favqulodda holatlarda COVID-19 testi ijobiy chiqqan va kasallik zo‘rayishi xavfi yuqori bo‘lgan bemorlar (og‘irligi kamida 40 kilogramm bo‘lgan 12 yoshdan oshgan bolalar va kattalar)da COVID-19’ning yengil va o‘rtacha shakllarini davolash uchun bamlanivimab va etesevimabni birgalikda qo‘llash uchun ruxsatnomani tasdiqladi. Bundan tashqari, preparatni 65 yoshdan oshgan yoki surunkali kasalligi mavjud kishilarda qo‘llash uchun ham ruxsat berildi.

Bovlanivimab va etesevimabni COVID-19 tufayli kasalxonaga yotqizilgan yoki kislorodli terapiya zarur bo‘lgan bemorlarda qo‘llash uchun ruxsat berilmaydi.

“Bamlanivimab va etesevimab kabi monoklonal antitanalar kasalxonadagi yuqori kislorod oqimi yoki sun’iy nafas oldirish apparati talab qiladigan COVID-19 bemorlariga yuborilganda klinik natijalar yomonlashishi mumkin.” — deyiladi xabarda.

FDA ta’kidlashicha, klinik tadqiqotlarda 29 kunlik kuzatuv davomida antitana kokteylini bir marta vena tomiriga yuborish, platsebo bilan taqqoslaganda kasalxonaga yotqizish va o‘lim sonini sezilarli darajada kamaytirgan.

Ayni paytda uning xavfsizligi va samaradorligini baholash davom etmoqda. “Preparatdan favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun ruxsatnoma Eli Lilly and Co tomonidan berilgandi”, — deyiladi xabarda.

2020-yilning noyabr oyida Regeneron Pharmaceuticals kompaniyasining REGN-COV2 deb nomlangan antitana kokteylidan favqulodda foydalanish ma’qullangan edi. Ushbu doridan, xususan, oktabr boshida o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirus bilan kasallanganida foydalanilgan. Kasalxonadan chiqqanidan so‘ng, Tramp mamlakatning barcha fuqarolari uning o‘zi foydalangan dori vositalar bilan bepul davolanishiga va’da bergandi.

Avvalroq JSST ekspertlari koronavirus yuqtirishning to‘rt xil yo‘lini aniqlagani haqida xabar berilgandi. Ushbu yo‘llar bilan koronavirusni uzoqqa tashish mumkin.

Amerikalik olimlar esa COVID-19’ga qayta chalinish sabablarini ma’lum qilgan. Olimlar ilgari COVID-19 bilan kasallanganlarda koronavirus infeksiyasining ikkinchi to‘lqini kuzatilishiga sabab tanada immunitetning zaifligi oqibatida infeksiyani qayta yuqtirish yoki organizmda qolib ketgan virusni qayta faollashtirish bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.