XX asrning ikkinchi yarmi dunyodagi ikki siyosiy qarama-qarshi qutblar orasidagi kosmik poyganing avj olishi bilan tarixda qolgan. “Daryo” ana shu jaryondagi eng muhim voqealardan biri “Apollon-14” missiyasining Oyga qo‘nishi haqida hikoya qiladi.
1957-yilda SSSR tarixda ilk bor sun’iy yo‘ldoshni koinotga uchirganidan keyin AQSh kosmik poygada bunga munosib javob berishi kerak edi. Lekin 1961-yil 12-martda Yuriy Gagarinning tarixiy parvozi orqali sovetlar Amerikani bu borada yanada ortda qoldirib ketdi. Bunga javoban AQSh garchi 1962-yildayoq orbitaga Jon Glenn ismli astronavtning parvozini amalga oshirgan bo‘lsa-da, lekin baribir ushbu qadam SSSRning yuqoridagi ikkita tarixiy yutuqlariga nisbatan munosib javob bo‘la olmasdi. Shu sababli, 1962-yilga kelib endi AQSh kosmik poygada natija ko‘rsatish uchun hamma e’tiborni “Oy poygasiga” — tabiiy yo‘ldoshimizga birinchi bo‘lib odam uchirish rejasiga qarata boshladi. Hatto prezident Jon Kennedi o‘shanda “joriy o‘n yillik oxirigacha, AQSh Oyga odam qo‘ndiradi!” - degan mazmunda bayonot ham bergan edi.Kennedi haqiqatan ham gapining ustidan chiqdi. 1969-yilning 21-iyulida AQShning “Apollon” loyihasi doirasida insoniyat tarixida ilk bor odamzot Oyga qadam qo‘ydi. O‘shanda “Apollon-11” missiyasi astronavtlari Nil Armstrong va Edvin Oldrin Yerning tabiiy yo‘ldoshi sirtiga qo‘ndi va Oyda AQSh bayrog‘ini o‘rnatib, yana qator eksperimentlar o‘tkazib qaytdi. Bu mislsiz tarixiy voqea haqiqatan ham kosmik poygada endi tashabbus AQSh tarafga o‘tganligini bildirar edi. Chunki SSSRning Oyni o‘rganish borasidagi yutuqlari oykezar avtomat apparatlarni yo‘llash bilan cheklanib qolayotgandi.
Umuman olganda, “Apollon” loyihasi favqulodda o‘ta qimmat loyiha bo‘lganiga qaramay (har bir missiyaga o‘rtacha 18 milliard dollar sarflangan), oldiga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyat bilan uddalaganligi bilan diqqatga sazovordir. “Apollon” dasturi doirasida AQSh 1969—1972-yillar mobaynida jami 6 bora shu kabi Oyga odam uchirish missiyalarini bajardi va unda umumiy hisobda 12 nafar astronavt Oy sirtida bo‘lib, u yerda turli eksperimentlarni amalga oshirgan va hatto bir safar ulardan biri Oyda golf o‘ynashga ham muvaffaq bo‘lgan. Bugun o‘sha voqeaga qariyb 50 yil to‘ldi.
Ha, 1971-yilning xuddi shu 5-fevral sanasida, “Apollon-14” missiyasi doirasida astronavtlar Alan Sheppard va Edgar Mitchell Oyga qadam qo‘ygan edi. Oyga qo‘ngach, birinchi bo‘lib fazo kemasidan Alan Sheppard chiqib, “Uzoq yo‘ldan keldik. Mana biz shu yerdamiz!”, — deb xitob qilgan. Oradan 5 daqiqa otgach, Edgar Mitchell ham fazo kemasidan chiqib, Oyda qadam tashlay boshlagan. Ular birgalikda o‘zlari qo‘ngan joydagi atrofni kuzatishga kirishgan. Ular Oy sirtidagi o‘zlari qo‘ngan joyga, avvalo, an’anaga muvofiq o‘z mamlakatlari bayrog‘ini o‘rnatgan. Keyin esa reja bo‘yicha, Oy guruntidan va Oy toshlaridan namunalar yig‘gan. Shuningdek, fotokameralarni o‘rnatib, o‘zlarining xatti-harakatlari va Oy manzaralarini tasvirga tushirgan. Orada ular AQSh bayrog‘i fonida turib, prezident Niksonning murojaatini ham tinglagan. Albatta, bularning barchasi to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda butun mamlakatga uzatib turilgan va AQSh aholisining katta qiziqish va hayajoniga sabab bo‘lgan.
Sheppard va Mitchell Oy sirtidagi qilinishi kerak bo‘lgan ishlarning rejasiga ko‘ra maxsus asbob-uskunalarni va o‘lchov vositalarini Oyga o‘rnatish bilan shug‘ullangan. Xususan, ular Oy va Yer o‘rtasidagi masofaning qanday o‘zgarib turishini aniqlashga yordam berishi ko‘zda tutilgan lazer nurlanishlari akslantirgichi (maxsus ko‘zgu) hamda boshqa ilmiy apparaturani Oy sirtiga o‘rnatgan. Ular 4 soat 45 daqiqa davom etgan birinchi chiqishdan keyin yana fazo kemasiga qaytib, o‘zlari ham dam olgan va ta’minot tizimlarini — kislorod ballonlarini, suv idishlarini qayta to‘ldirib, shuningdek, elektr jihozlarini ham qayta quvvatlantirgan. Ikkinchi chiqish davomida ular asosan Koun krateri atrofidagi Oy guruntidan va toshlardan namuna yig‘ish bilan shug‘ullangan va Alan Sheppardning skafandrida juda oz miqdorda bo‘lsa ham, lekin baribir kislorod sizib chiqib ketayotgani aniqlangach, zudlik bilan fazo kemasiga qaytish haqida buyruq olgan. Ular fazo kemasiga qaytishda ham yo‘l-yo‘lakay oq tusdagi Oy toshlarini to‘plab kelgan. Shu tariqa, to‘rt yarim soat davom etgan ikkinchi chiqish tugallangach, astronavtlar fazo kemasiga qaytgan. Fazo kemasiga chiqish oldidan Alan Sheppard o‘zi bilan olib kelgan uch dona golf koptoklarini oyga tashlagan va ularning har biriga zarba berib, insoniyat tarixida ilk bora Oyda golf o‘ynagan kishi sifatida tarixga kirgan.
Shundan so‘ng ular fazo kemasi bortida dam olib va ovqatlanib olgach, Yerga qaytish uchun tayyorgarlik boshlagan. Umumiy hisobda, Sheppard va Mitchell 33 soatdan ziyodroq vaqt davomida Oyda bo‘lgan. Ular 1971-yilning 9-fevral kuni Yerga qaytib kelgan va Tinch okeaniga qo‘nishni amalga oshirgan. Ular maxsus vertolyotda suvdan chiqarib olingan va taxminan, 6,5 km masofada turgan “Yangi Orlean” kemasiga olib ketilgan. “Apollon-14” missiyasi o‘zi bilan 23 kiloga yaqin Oy gurunti va toshlaridan namunalar olib kelgan. Ushbu namunalarni o‘rganish esa juda qadim zamonlarda Oy va Yerda kechgan geologik jarayonlar haqida yangi ma’lumotlar to‘plashga xizmat qildi. “Apollon-14” o‘z oldiga qo‘ygan barcha maqsadlarni uddalagan va AQSh kosmonavtikasi tarixida yana bir shonli sahifa ochgan.
Quyidagi videotasvirlarda “Apollon-14” missiyasiga oid hujjatli kadrlarni tomosha qilishingiz mumkin.
Muzaffar Qosimov tayyorladi
Izoh (0)