Buyuk Britaniya jamoatchiligi Birlashgan Qirollik Milliy sog‘liqni saqlash tizimi (NHS) uchun 30 million funt yig‘gan urush faxriysi Tom Murning ahvolidan xavotirda. Uning koronavirusga chalingani haqida qizi Hanna Ingrem-Mur ma’lum qildi, deb yozmoqda DW.
Hanna Ingrem-Murning so‘zlariga ko‘ra, uning otasi bir necha hafta mobaynida pnevmoniyadan davolanib kelgan va buning oqibatida koronavirusga qarshi emlana olmagan. Yaqinda topshirilgan COVID-19 testi esa musbat natija ko‘rsatgan.
Murning nafas olishida muammolar yuzaga kelgach, u kasalxonaga yotqizilgan, lekin ahvoli og‘ir emas, shuning uchun hozirda tezkor davolash palatasiga yotqizilishiga zarurat yo‘q.
Tom Mur ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va Birma kampaniyasi ishtirokchisi. U 1920-yil 30-aprelda tug‘ilgan, 100 yoshga kirish arafasida Tom’s 100th Birthday Walk For The NHS (Tomning 100 yoshida NHS uchun piyoda sayr) deb nomlangan shaxsiy hayriya jamg‘armasini ochgan. Hayriya doirasida u o‘z bog‘i atrofida 100 aylana yurishga va pandemiyaga qarshi kurashda Milliy sog‘liqni saqlash xizmatini qo‘llab-quvvatlash uchun 1000 funt sterling yig‘ishga va’da bergan.
2020-yil aprel oyi oxiriga qadar yig‘ilgan pullar 30 million funtdan oshib ketdi, Mur milliy qahramonga aylandi. 800 mingdan ortiq odam unga ritsarlik unvoni berilishini so‘rab petitsiya imzoladi.
May oyida unga ritsar-bakalavr unvoni berildi. Bu unvon bilan taqdirlangan odam Buyuk Britaniyada ritsarlik ordenini olganlar ro‘yxatiga kiritilmaydi.
Shaxsiy xayriya aksiyasidan tashqari Tom Mur You’ll Never Walk Alone klassik qo‘shig‘ini ijro etishda ham ishtirok etgan va ushbu qo‘shiq Britaniya chartida birinchi o‘ringa chiqqan, dastlabki 48 soat ichida sotilgan yozuvlar nusxalari esa barcha rekordlarni yangilagan.
Sotuvdan tushgan mablag‘ NHS’ga yuborilgan. Murning o‘zi esa ikki marta Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgan keksa yoshli kishilardan biriga aylangan. U eng katta xayriya tashkil qilgan va Buyuk Britaniya musiqiy chartlarida birinchi pog‘onani egallagan eng keksa inson.
Mavzuga doir:
- Angliyada Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi shifokorlar uchun qo‘shiq kuyladi hamda xit-paradda 1-o‘rinni egalladi
- Koronavirusga qarshi kurash uchun bog‘ida sayr qilib, 30 mln funt to‘plagan kapitan Tom Mur 100 yoshga to‘ldi. Uning uyi ustida havo paradi uyushtirildi
- 100 yoshli britaniyalik Tom Murga ritsar unvoni berildi. U koronavirusga qarshi kurashish uchun 33 mln funt to‘plagan edi
- Yelizaveta II Ikkinchi jahon urushi faxriysi Tom Murni ritsar etib tayinladi. U shifokorlar uchun 30 mln funt xayriya yiqqan