Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yens Shpan hukumatning 2022-yil uchun koronavirusga qarshi vaksinaga buyurtma berganini ma’lum qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
“Biz 2022-yil uchun qo‘shimcha vaksinaga buyurtma beryapmiz, shu yo‘l bilan hech bo‘lmaganda virusning bir qismini nazorat ostida ushlashimiz mumkin bo‘ladi”, — degan vazir tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazilgan onlayn suhbatda.
Shpanning ta’kidlashicha, vaksina zaxirasi kerak bo‘lish yoki bo‘lmasligini oldindan aytish mushkul. Shunga qaramay, ishlab chiqarish ko‘lami kengaytirilib, davlat ehtiyot chorasi sifatida qo‘shimcha buyurtmalar bermoqda.
Shuningdek, vazir vaksinatsiya kampaniyasi boshlanishi qiyin kechgan bo‘lsa-da, asosiy vaksina yetkazib beruvchilar — Moderna, Pfizer va AstraZeneca 22-fevralga qadar Germaniyaga 5 million doza vaksina yetkazib berish mas’uliyatini olganini qayd etdi.
Avvalroq AstraZeneca Yevropa Ittifoqiga 2021-yilning birinchi choragida vaksina yetkazib berishni 67 foizga qisqartirishini, sababi Buyuk Britaniya bilan YeIdan avvalroq shartnoma tuzganligini ma’lum qilgandi.
Frankfurter Allgemeine Zeitung nashriga bergan intervyusida Shpan Rossiya va Xitoy vaksinasidan foydalanish ehtimoli ham yo‘q emasligini ta’kidlagan. Buning uchun yagona talab —Yevropa dori-darmon agentligi (EMA) tomonidan mazkur vaksinalar ma’qullanishi lozim.
Shu bilan birga, Dow Jones agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa vaksinatsiya poygasida Buyuk Britaniya va AQShdan ortda qolmoqda. Oksford universiteti Buyuk Britaniya va AQSh davlatlari aholisini mos ravishda 11,3 foiz va 7,1 foizga emlaganini bildirgan. Yevropa Ittifoqida esa 450 million aholining atigi 2,2 foizi COVID-19’ga qarshi emlangan.
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar uchun vaksinalar markazlashgan tarzda sotib olinadi. Yevroittifoq oltita ishlab chiqaruvchiga aholisi ko‘p mamlakatlarning 70 foizini emlash uchun 2,3 milliard doza vaksina buyurtma qilgan.