“Daryo” an’anaviy jahon matbuoti sharhi ruknini davom ettiradi.
Somali va Keniya nega yangi inqiroz yoqasiga kelib qoldi?
Somali va Keniya o‘rtasidagi chegaraviy nizo xalqaro subyetktlarning aralashuviga va mintaqadagi harbiy vaziyatning taranglashuviga olib keladi, deb yozadi “Al Ahram Weekly” nashri.
Xo‘sh, nizoning sabablari nimada? Ikki yildan beri davom etayotgan Somali va Keniya o‘rtasidagi chegaraviy nizoning kelib chiqishining asosiy sababi Hind okeani havzasida aniqlangan ulkan gaz zaxiralari manbasining aniqlanishiga borib taqalmoqda.
2019-yilda Somali hukumati Londonda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada neft va gaz manbalari aniqlangan taqdirda, kelgusida bu manbalar oldi-sotdisiga kimlar egalik qilishi borasidagi xaritasini taqdim qiladi. Natijada Keniya hukumati Mogadishodan o‘z elchisini chaqirib oladi. Bunga javoban Somali ham Nayrobidagi o‘z elchisining Keniyadagi faoliyatiga barham berilganini ma’lum qiladi.
Rasmiy Mogadisho Keniya hukumatini Jubalenddagi saylovlarga aralashganlikda va bu harakati bilan Somalining suverenitetiga dahl qilganlikda ayblaydi. Jubalend Keniyaga chegaradosh hududda joylashgan bo‘lib, Kismayo bandargohi bir vaqtlar Ash-Shabob terrorchi guruhi tarafidan nazorat qilingandi.
2020-yilning mart oyida Keniya hukumati Somalilendda o‘z konsulxonasini ochishini e’lon qiladi. Somalilend bu mintaqadagi muhim savdo nuqtasi bo‘lgan Xargeys va Bendera portlarini o‘z ichiga olgan hudud hisoblanib, mintaqada boshqa Afrika davlatlariga, jumladan, Jibutiga ham tijorat sohasida jiddiy raqobatchiga aylanadigan hudud sirasiga kiradi.
Somali hukumati esa Keniyani mustaqillikka intilayotgan hududlarni qo‘llab-quvvatlashda va Somalining xalqaro munosabatlardagi nufuzini obro‘sizlantirayotganlikda ayblamoqda. Ash-Shabob terrorchi guruhi hozir ham Somalida harakat qilayotgan bo‘lsada, avvalgidek kuch va hokimiyatga ega emas. Sababi sakkiz yil avval Keniya hukumati qurolli kuchlari Afrika Ittifoqi missiyasi davomida Ash-Shabob guruhiga qaqshatqich zarba bergan va Kismayo savdo markazi hududini o‘z ta’siriga olishga erishgandi.
Somali va Keniya o‘rtasida kelib chiqqan inqiroz bugun yoki kecha paydo bo‘lgan inqiroz emas. 2015-yilda Keniya hukumati Ash-Shabob terrorchi guruhiga qarshi kurashish uchun Somaliga kiritgan harbiylarini olib chiqib ketishdan bosh tortadi. Sabab esa Keniya hukumatining Somalidagi terrorchi guruh yo‘qotilgan bo‘lsada, qo‘lga kiritilgan g‘alabaning osonlik bilan yana boy berilishini istamagani bo‘ldi. Somali hukumati esa Keniyaning bu harakatini hududni egallab olishga urinish sifatida baholadi.
2020-yilning oktabr oyida Keniya prezidenti Uxuru Keniata Somalidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishning so‘nggi muhlatini belgilashni rad qildi. Ash-Shabob guruhi esa keniyalik harbiylar va hududdagi fuqarolik obyektlariga hujum uyushtirishda davom etmoqda. Keniyaning Daadab qochoqlar lagerida ayni paytda 250 mingga yaqin somalilik qochqinlar boshpana topgan.
Keniya va Somali o‘rtasidagi inqiroz kuchaygani sari Ash-Shabob guruhi somaliliklarni radikallashtirish uchun bor kuchini sarflab ulardan islom lashkarini tuzishda foydalanmoqda. Keniya Sharqiy Afrikaning eng rivojlangan davlati sifatida Somalidagi vaziyatga aralashuvi ortidan ko‘plab iqtisodiy va harbiy yo‘qotishlarga uchradi. Somalida esa siyosiy tartibsizlik yuzaga keldi. Mamlakat inqiroz ko‘chasiga kirib qoldi. Afrika Kengashi esa Afrika davlatlarining muammolarini hal qilishga ojizlik qilmoqda. Shu sababdan Efiopiyada damba mojarosi yuzaga kelgan bo‘lsa, Mozambikda terrorchi guruhlarning ta’siri oshib bormoqda. Shu sababli, Afrika Kengashi tashkiloti qit’aning asosiy davlatlaridan biri bo‘lgan Misrni va boshqa arab davlatlarini Keniya va Somali o‘rtasidagi nizoni bartaraf qilishga aralashishga va Keniya harbiylarining Somalida qolishlari Ash-Shabob guruhini tiyib turishda muhim ekanini tushuntirishga undamoqda. Qolaversa, Keniya va Somali o‘rtasidagi nizo Afrika iqtisodiyotiga salbiy ta’sir qiladi. Agar Turkiyaning Somalidagi ta’siri ortishi ham hisobga olinsa, keyinchalik Somali va Keniya o‘rtasidagi nizo qonli mojarolarga ham aylanib ketishi mumkin.
Navalniy Putin hukumatini ag‘darishga qodirmi?
2021-yilning 23-yanvar sanasida butun Rossiya bo‘ylab minglab ruslar Navalniyning ozod qilinishini talab qilgan holda norozilik namoyishlariga chiqdi. Aleksey Navalniy “novichok” zaharli moddasi bilan zaharlanganidan besh oy o‘tib, 17-yanvar sanasida Moskvaga qaytgan va aeroportda rus xavfsizlik xodimlari tomonidan qamoqqa olingandi. Xo‘sh, Navalniy Putin hokimiyatini to‘ntarishga qodirmi? The Foreign Policy nashrining yozishicha, agar Navalniy ko‘cha inqilobi yordamida hokimiyatni qo‘lga kiritishni xohlayotgan ekan, u eng avvalo rus elitasi vakillari orasidan o‘ziga ittifoqchi topishiga to‘g‘ri keladi. Biroq hozircha rus elitasi Navalniyning harakatlariga e’tibor qilmayapti. Navalniyni esa shubhali ayblovlar bilan uzoq muddatli qamoq kutib turgani haqiqatga yaqinroq.
Navalniy qamoqda qolayotganiga qaramay, tinch o‘tirishni o‘ylagani ham yo‘q. Navalniyning korrupsiyaga qarshi kurash fondi Putinning Gelenjikdagi hashamtli qasri haqida video surishtiruvni e’lon qildi. Putin va uning atrofidagilarning korrupsiya botqog‘iga botgani, oddiy ruslarning turmush sharoiti tobora yomonlashib borayotgani mamlakatda Putinga qarshi kayfiyat yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Navalniyning Putin, uning hukumati va “Yagona Rossiya” partiyasini obro‘sizlantirish harakati ish berayotgan bo‘lsa-da, amaldagi rejimni ag‘darishga imkoniyati yo‘q. Buning sababi shundaki, Navalniy ko‘cha namoyishlariga minglab ruslarni chiqarishga muvaffaq bo‘layotgan bo‘lsa-da, uni dastaklaydigan mahalliy elita hozircha yo‘q. Elitaning aksari esa Navalniyning korrupsiyaga qarshi e’lon qilgan salb yurishlariga hamfikr emas.
Rus tarixiga yoki qo‘shni Gruziya va Ukrainadagi rangli inqiloblar tarixiga nazar solinsa, bu inqiloblarning muvaffaqiyatli amalga oshganiga sabab Gruziya va Ukrainadagi siyosiy hokimiyatning zaifligi va elita ham islohotlarni talab qilayotgan taraflar tomonida turgani bilan izohlanadi.
Gruziyadagi inqilobda Eduard Shevarnadzening hokimiyatdan quvilishi, avvalo Shevarnadzening Gruziya Fuqarolik ittifoqi partiyasi a’zolarining aksari, jumladan, adliya vaziri bo‘lgan Mixail Saakashvilining ham namoyishchilar tarafiga o‘tib ketishi bilan izohlanadi. Ukrainada Yanukovich hukumati ham siyosiy elitaning tarqoqligi sabab jamoatchilik bosimi ostida qulatildi. Shevarnadze ham, Yanukovich ham huquq-tartibot organlari xodimlari orasida o‘zlari ishonishi mumkin bo‘lgan xoslarga ega emasdi. Yuqori martabali zobitlar va oddiy askarlar hokimiyatning o‘zgarishi, ularga ziyon yetkazmasligini anglagan holda siyosiy hokimiyatning o‘zgarishiga yo‘l qo‘yib berdi.
Rossiyadagi Putin rejimi esa mutlaqo o‘zgacha. Rossiyadagi hokimiyat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar idoralari va boshqa byurokratik organlarni qamchi va tayoq yordamida boshqarib keladi. Buni esa Rossiyada Chor Rossiyasi davridan qolgan meros sifatida talqin qilish mumkin. Putin Rossiyasidagi oligarxlar Putin hokimiyatini tan olishlari bilan hukumatning daromadlaridan foyda ko‘radi. Putinning hokimiyatiga soya tashlaydiganlar esa Mixail Xodorkovskiy singari shafqatsiz byurokratiyaning ta’qib va quvg‘iniga duchor bo‘ladi. Hokimiyatning har bir bo‘g‘inida ana shunday tartib amalda.
Rossiya tarixida ko‘plab inqiloblar qayd etilgan bo‘lsa-da, bu inqiloblarning aksari qisman markaziy hokimiyatning kuchsizlanishi natijasida sodir bo‘lgan. 1905-yildagi inqilobda esa Rossiyaning Yaponiyadan mag‘lubiyatga uchrashi oqibatida butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari yuz beradi. Nikolay II jamoatchilik bosimi ostida islohotlarga yo‘l bergan bo‘lsa-da, 1907-yilga kelib hokimiyatni to‘la nazorati ostiga olishga va yangi parlamentni o‘zining qo‘g‘irchog‘iga aylantirishga erishadi.
Putin ham ayni paytda Rossiyadagi markaziy nazorat tizginlarini o‘z qo‘li ostida qattiq ushlagancha korrupsiya botqog‘iga botgan shafqatsiz rejimni boshqarib kelmoqda. Putinning “Yagona Rossiya” partiyasi esa Rossiyaning barcha byurokratik apparatida yetakchilik qilmoqda. Shunday ekan, Navalniyning namoyishlari hozircha Putinni hokimiyatdan qulatishga qodir emas. Ammo vaqti kelib, Navalniy sochayotgan norozilik urug‘lari Rossiyada o‘zgarishlarning sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Buning uchun esa ancha yillar talab qilinadi.
Jahongir Ergashev tayyorladi
Izoh (0)