AQSh Adliya vazirligi sobiq prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan AQShga noqonuniy kirib kelgan muhojirlarga nisbatan “nol bardoshlilik” siyosatini bekor qildi va ko‘rib chiqilayotgan har bitta ishga individual yondashuvni talab qildi, deb yozadi “Interfaks”.

Foto: EPA

“Jinoiy ishlarni ko‘rib chiqishda individual yondashuv tamoyiliga muvofiq men ushbu siyosat haqidagi ko‘rsatmani bekor qilaman, qaror zudlik bilan kuchga kiradi”, — deb yozdi bosh prokuror vazifasini bajaruvchi Monti Uilkinson federal prokurorlarga yo‘naltirilgan xatda. Bu haqda The Hill nashri ma’lum qilgan.

Uilkinsonning qayd etishicha, jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish haqidagi qarorlar odam federal qonunni buzgan-buzmaganligiga va bu borada qanday dalillar borligiga asoslanishi kerakligini “allaqachondan buyon ta’kidlab keladi”.

“Siyosat o‘zgarishi mumkin, lekin bizning missiyamiz doim avvalgidek bo‘lib qoladi: qonunga muvofiq adolatga erishish”, — dedi Uilkinson.

The Hill yozishicha, “nol bardoshlilik” siyosatining bekor qilinishi Bayden ma’muriyatining Tramp davridagi ba’zi immigratsion cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha birinchi urinishlaridan biriga aylanadi.

Tramp tomonidan 2018-yilda joriy qilingan “nol bardoshlilik” siyosatiga muvofiq, AQShga noqonuniy kirgan katta odamlarning barchasi jinoiy ta’qibga uchragan, ularning farzandlari esa Sog‘liqni saqlash vazirligi va ijtimoiy xizmatlari qaramog‘iga o‘tkazilib, maxsus markazlarga joylashtirilgan.

Bu siyosat tanqidlarga sabab bo‘ldi, chunki 5,5 mingdan ortiq bolalar ota-onalaridan ajratilgan edi.

29-yanvar, juma kuni Bayden ajratib yuborilgan oilalarni birlashtirish bo‘yicha maqsadli guruh tuzish to‘g‘risida farmonni, shuningdek, immigratsiya bilan bog‘liq boshqa farmoyishlarni imzolashi kutilmoqda.