Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev 21-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida respublikadagi inflyatsiya darajasi haqida ma’lumot berdi, deya xabar bermoqda “Kun.uz”.

Foto: “Daryo”

Mutaxassisning ta’kidlashicha, 2020-yilda inflyatsiya darajasi 2019-yildagiga nisbatan 4,1 foizga pasaygan bo‘lsa-da, oziq-ovqat mahsulotlarida inflyatsiya darajasi 15,3 foizni tashkil etgan. Buning asosiy sababi pandemiya tufayli mahsulot sotish, yetkazib berish va logistika omillari taklifining kamayishiga olib kelgani bilan izohlangan.

Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, 2 million so‘mdan kam daromad topadigan aholining qariyb 60-70 foiz daromadi oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga sarflanadi. Bu raqamlar inflyatsiya darajasini oddiy aholining kundalik turmushiga sezilarli ta’sir ko‘rsatganligini anglatadi.

Shu bilan birga, ishlab chiqarishda karantin sabab muammolar kuzatilishi oziq-ovqatlar va xizmat ko‘rsatish sohalarida talab jihatdan ham inflyatsiyaga ta’sir ko‘rsatganligi ta’kidlandi.

“2021-yilda inflyatsiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan fundamental omillar yo‘q, ammo ayrim tovarning bir martalik narxlari oshishi kuzatilishi mumkin”, – dedi Behzod Hamroyev.

Shuningdek, 2021-yil uchun inflyatsiya darajasi 9-10 foiz bo‘lishi prognoz qilindi. Inflyatsiyani kamaytirish maqsadida Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda choralar ko‘rilishi haqida ma’lumot berildi.

Avvalroq 2020-yil davomida iste’mol bozoridagi inflyatsiyaning o‘sish darajasi 11,1 foiz bo‘lganligi hamda Markaziy bank Moliya vazirligining prognozlariga qaramay, 2023-yilda inflyatsiya 5 foizga yetishiga ishonayotgani haqida xabar berilgandi.