2020-yil O‘zbekistonda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 38 149 nafar shaxsga nisbatan 30 284 ta ish ko‘rib chiqilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

O‘tgan bir yil davomida 781 nafar shaxs oqlangan va reabilitatsiya qilingan, sudlangan shaxslar soni 27 999 nafarni tashkil etib, shundan 7 110 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 19 838 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlangan, 1051 nafar shaxs shartli hukm o‘qilgan.

Sudlangan shaxslarning 24 972 nafari erkaklar, 3027 nafari — ayollar, 10 371 nafari yoshlar (shu jumladan 499 nafari voyaga yetmaganlar) va 908 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar.

222 nafar yoshlarga, 37 nafar ayolga va 1024 nafar shaxsga kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

2019-yilga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, bosqinchilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, transport vositasini olib qochish hamda transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish kabi jinoyatlar uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari kamaygan.

Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 8266 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.

Yetkazilgan 267,1 milliard so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 2729 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan. 6 681 ta jinoyat ishi, ya’ni barcha ishlarning qariyb 22,1 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 1523 nafar shaxsga nisbatan 1214 ta ish ko‘rib chiqilgan. 969 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilingan va 385 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda endi ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilishi hamda prokurorlarning barcha iqtisodiy sud majlislarida ishtirok etish huquqi bekor qilingani haqida xabar berilgandi.