Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Sud organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2021-yildan boshlab Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, quyi sudlar sudyalari, Sudyalar oliy maktabi va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining ish haqlari va qo‘shimcha to‘lovlari to‘liqligicha Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Bunda quyidagi to‘lovlar 2021-yil 1-oktabrgacha Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, 2021-yil 1-oktabrdan boshlab esa respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi:

  • sudlar, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining ko‘p yillik xizmatlari uchun ustamalar;
  • Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining malaka darajasi va mansab darajasi uchun qo‘shimcha haq.

Farmon bilan sudyalar, sud apparati xodimlari, Sudyalar oliy kengashi, shuningdek, Sudyalar oliy maktabi, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlari tasdiqlandi.

Avvalroq O‘zbekistonda endi ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilishi hamda prokurorlarning barcha iqtisodiy sud majlislarida ishtirok etish huquqi bekor qilingani haqida xabar berilgandi.