Prezident Shavkat Mirziyoyev “Sud qarorlarini qayta ko‘rish institutining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar endilikda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘riladi.

Endilikda fuqarolar o‘z hisobidan ma’muriy bayonnomaning ko‘chirma nusxasini, shuningdek, sud majlisining audio yoki videoyozuvini olishga haqli.

Shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qaror ustidan ma’muriy bayonnomani tuzgan organ tomonidan ham shikoyat berilishi mumkin.

Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni nazorat tartibida ko‘rish bekor qilinib, apellyatsiya instansiyasi joriy etildi.

Sud hujjatining noqonuniyligi, asoslantirilmaganligi bilan bir qatorda ularning adolatsizligi ham sud hujjatini kassatsiya tartibida o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘lishi belgilandi.

Shu bilan birga, kassatsiya instansiyasi sudi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni Oliy sud raisi, bosh prokuror yoki ularning o‘rinbosarlari kiritgan protestga ko‘ra kassatsiya tartibida takroran ko‘radi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Avvalroq O‘zbekistonda prokurorlarning barcha iqtisodiy sud majlislarida ishtirok etish huquqi bekor qilingani hamda O‘zbekistonda 2020-yilda yetti sudya koronavirus qurboniga aylangani haqida xabar berilgandi.