Germaniya hukumati mamlakatda joriy qilingan qat’iy karantin choralarini 14-fevralgacha uzaytirdi. Bu haqda Germaniya kansleri Angela Merkel 19-yanvar, seshanba kuni o‘tkazilgan 16 ta federal shtat rahbarlari bilan muzokaradan so‘ng ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: BBC

Xususan, Germaniya hukumati aholiga jamoat transporti va do‘konlarda faqat tibbiy niqob yoki FFP2 respiratorlarini taqishni buyurdi. Bungacha matodan tikilgan niqob taqish yoki burun va og‘izni sharf bilan yopishga ruxsat berilgandi.

Bolalar bog‘chasi va maktablar ham 14-fevralga qadar yopiq bo‘ladi. Ish beruvchilar iloji boricha ko‘proq xodimlarni uydan ishlashga o‘tkazishga da’vat etildi. Germaniya aholisidan ijtimoiy aloqalarni minimal darajagacha kamaytirish so‘raldi.

Ma’lumot uchun, FFP2 respiratorlarini taqish talabi yirik federal shtat Bavariyada 18-yanvardan beri amal qilmoqda. Hukumatning ushbu qarori respiratorlarning qimmatligi tufayli har xil qabul qilindi. Ularning chakana narxi bir donasi uchun ikki yevrodan besh yevrogacha bo‘lib, sakkiz soat ishlatilgandan so‘ng uni almashtirish kerak. 25-yanvardan respirator kiyish talabi Avstriyada ham kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 16-dekabrdan beri Germaniyada kuchli karantin hukm surmoqda. Mamlakatda oziq-ovqat va dorixonalardan tashqari barcha do‘konlar, sartaroshxona, sport zali, kinoteatr, muzey va teatrlar yopiq.

Germaniya janubi-g‘arbida 2020-yilning dekabr oyida koronavirusning “britancha” shtammi bilan kasallangan ilk bemor qayd etilgandi.