Jurnalist Nargiza Murodova yaqin kunlarda ona bo‘lish arafasida turgan aktrisa Bahora Arslonova bilan suhbatlashdi. Intervyu davomida aktrisa qomat muammosidan qayg‘urmayotgani va Rossiyaga ketish fikridan qaytgani haqida gapirdi.

Foto: Instagram / @bahora_arslonova

— Inson hayoti ish yoki ijoddan iborat emas. O‘z vaqtida oilaga ham e’tibor qaratish lozim. Shu bois, homilador bo‘lgach, barcha ishlarni bir chetga surib faqat o‘zim va farzandim haqida qayg‘urishga qaror qildim, — deydi aktrisa. — Homiladorlikning to‘qqizinchi oyiga qadar deyarli ko‘chaga chiqqanim yo‘q. Homilador bo‘lishdan avval bir nechta prodyuserlar bilan shartnoma imzolagandik. Baxtga qarshi barchasini rad etishimga to‘g‘ri keldi. Ammo bundan afsuslanmayman.

Foto: Instagram / @bahora_arslonova

— Homiladorlik paytim ajoyib o‘tmoqda. Vaznim naqd 55 kilodan 85 kiloga ortdi. Ammo bu meni havotirga solayotgani yo‘q. Muhimi, farzandim sog‘lom tug‘ilsa bas.

Foto: Instagram / @bahora_arslonova

— 2020-yilning mart oyida turmush o‘rtog‘im bilan Rossiyaga ketish va rejissorlik sohasida tahsil olishni niyat qilgandim. Karantin cheklovlari sabab niyatim amalga oshmadi. “Har narsa yaxshilikka” deyishganidek, Ramazon oyida homilador ekanim ma’lum bo‘ldi. Rosti, bu mening ikki yillik orzum edi. Shu bois barcha yumushlarni, hatto o‘qish haqidagi qarorimni ham bir chetga surib, bor e’tiborimni sog‘ligimga qaratdim.

Foto: Instagram / @bahora_arslonova

Eslatib o‘tamiz, aktrisa 2018-yilda asli samarqandlik, ammo uzoq yillardan buyon Rossiyada yashaydigan Sherali Boboqulov bilan oila qurgan. O‘ttiz yoshdagi aktrisa shu kungacha “Tinchlik ortida”, “Komila”, Ona qizim”, “Isnod” va “Zurriyod” kabi qator film va serillarda suratga tushgan.

Muallif:Nargizaxon Murodova