Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha o‘n birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Kun.uz”. 11-yanvar kuni o‘tkazilgan navbatdagi sud majlisida ham guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi.

Foto: “Kun.uz”

Sud majlisi oldidan Yo‘ldosheva maktabda o‘qiydigan farzandlariga bosim bo‘layotganligi, uning uyi atrofida noma’lum shaxslar tomonidan unga qarshi ma’lumotlar to‘planayotganligi hamda Xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashi deputati Jahongir To‘laganov tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘ziga nisbatan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on ma’lumotlar tarqatilayotganligi haqida gapirgan.

Ta’kidlashicha, Jahongir To‘laganov uning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni surishtirgan. Yo‘ldosheva sud raisidan ushbu deputatga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni, farzandlari xavfsizligini ta’minlashni so‘rab sudga iltimosnoma kiritdi.

Shuningdek, mazkur sud majlisida guvohlar Ma’murjon Saidahmedov, Zokir To‘xtayev va Toshkent viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nizom Abdullayevlarning ko‘rsatmalari tinglangan.

Sud ishi 21-yanvar kuni soat 10:00 ga qadar tanaffus e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusga chalingan bemor o‘limi va 250 million so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanib, qamoqqa olingan Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jinoyat ishi 2020-yil 11-avgustda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan qo‘zg‘atilgan. 8-sentabrga kelib, ehtiyot chorasi sifatida ayblanuvchi qamoqqa olingan edi.

Uning qamoqqa olinishi jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bir qator davlat va nodavlat tashkilotlarning rahbarlari, xususan, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Saida Mirziyoyeva mazkur hodisaga munosabat bildirib, prokuraturani shifokorga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasini o‘zgartirishga chaqirgan. Shundan so‘ng Guljahon Yo‘ldosheva 6-oktabr kuni uy qamog‘iga o‘tkazilgandi.

Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan sud jarayonlari 27-noyabr kuni boshlangan.