Xiaomi Mi 11 foydalanuvchilari smartfonda musiqa yangragan vaqtda orqa qopqoqqa bosilganda noodatiy tovush chiqayotganidan shikoyat qildi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Gizmochina

Qurilmaning rasmiy savdolari 1-yanvardan boshlangan va shundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Xiaomi Mi 11’ning ishlashiga oid ko‘plab fikrlar qoldirilgan. Xususan, smartfonning ayrim egalari musiqa tinglash vaqtida paydo bo‘layotgan tushunarsiz shovqinni payqagan. U 5-10 soniya paydo bo‘ladi, keyin esa foydalanuvchi orqa qopqoqni bosishni to‘xtatganida yo‘qoladi.

Kompaniyadagilarning tushuntirishicha, paydo bo‘layotgan ovoz — nuqson emas, qurilmaning o‘ziga xosligidir. Shovqin smartfon ichidagi stereodinamiklar tizimini yaxshilash uchun qoldirilgan maxsus bo‘shliq yordamida paydo bo‘ladi. Uning hisobiga ovoz hajmdor bo‘ladi, kuchaytirilgan baslar esa uni “yaxshiroq” his qilishga xizmat qiladi.

Maxsus bo‘shliq deformatsiyalanganda foydalanuvchi treklarning buzilgan ovozini eshitishi mumkin.

Ishlab chiqaruvchi Xiaomi Mi 11’ning orqa qopqog‘ini nafaqat musiqa tinglash vaqtida, balki kundalik foydalanishda ham qattiq bosmaslikni tavsiya qilgan. Bu qurilmaga shikast yetmasligi va ovoz sifatining yomonlashmasligiga xizmat qiladi.

Xitoyda 8/128 gigabaytli Xiaomi Mi 11 3999 yuan (699 dollar) narxida sotuvga chiqdi.