Rossiyalik milliarder Aleksey Mordashovning o‘g‘li Nikita 2020-yilning yozida Oliy iqtisodiyot maktabidan haydalgach, armiyaga xizmatga ketdi. Bu haqda biznesmenning o‘g‘lining tanishiga tayanib Meduza xabar berdi.

Foto: “Ura.news”

“RBK”ning ismini oshkor etmagan manbasining so‘zlariga ko‘ra, Nikita Mordashov o‘qishni istamagani uchun uni armiyaga otasi yuborgan.

Nikita Mordashov Oliy iqtisodiyot maktabi (OIM)ning Jahon siyosati va jahon iqtisodiyoti pulli fakultetida o‘qigan — dasturga ko‘ra, OIMdagi birinchi kursni yakunlaganlar London universitetida birinchi kursda o‘qishi mumkin. Yil oxiriga borib Nikita Mordashovning baholar reytingi eng pastlardan biri bo‘lgan — maksimal 10 dan 2,6 ball. Forbes manbasining ma’lum qilishicha, Nikita Mordashov ushbu dastur bo‘yicha o‘qishni xohlamagan va OTMda qolishga intilmagan.

Aleksey Mordashovning vakili oilaning shaxsiy hayotiga oid vaziyatga izoh berishni istamagan. OIM ham holat bo‘yicha hozircha ma’lumot bermagan.

Aleksey Mordashov — rossiyalik eng badavlat biznesmenlardan biri. 2020-yilda u Forbes versiyasiga ko‘ra, Rossiyaning eng badavlat insonlari qatorida 4-o‘rinni egallagan. Nashr Mordashov va uning oilasi boyligini 16,8 milliard dollarga baholagan. Bloomberg Billionaires Index ma’lumotlariga ko‘ra esa hozirda Mordashovning boyligi 23,2 milliard dollarni tashkil etadi.

2019-yilda Aleksey Mordashov o‘g‘illari Kirill va Nikitaga Nordgold oltin qazish kompaniyasining 65 foiz aksiyasini berishga qaror qilgan. Bundan tashqari, milliarder TUI AG turoperatoridagi 24,9 foiz ulushini o‘g‘illariga bergan. Forbes aka-ukalarning har biriga rasmiylashtirilgan aktivlarni 2,19 milliard dollarga baholagan. Aleksey Mordashovning jami yetti nafar farzandi bor.