Rossiya imperiyasining Markaziy Osiyoni bosib olishdagi muhim janglardan biri, shubhasiz, Ko‘ktepa qal’asi uchun bo‘lgan. 1881-yilning 12-yanvar kuni uzoq davom etgan janglardan so‘ng general Skobelev Ko‘ktepa qal’asini ishg‘ol qilishga erishdi va shaharni talon-taroj qildirdi. Bu voqea tarixga Ko‘ktepa qirg‘ini nomi bilan kirdi. “Daryo” sana munosabati bilan mazkur voqea haqida hikoya qiladi.

Tarixiy sharoit

XIX asr oxirlariga kelib, Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari Rossiya imperiyasi vassaliga aylanib qoldi. Ruslar turkmanlar yashaydigan hududlarni egallash maqsadida turkman qabilalari yashaydigan hududlarga tinimsiz zarbalar berib turdi. Agar turkmanlar hududi egallanmasa, inglizlarning bu hudud orqali Kaspiy dengizi sohillariga yetib kelishi ruslarni xavotirga solib turgan holatlardan biri edi. Agar ruslar turkmanlarni bo‘ysundirsa, butun Kaspiy havzasi ularning ixtiyoriga o‘tar hamda Turkiston va Kavkaz o‘rtasida bo‘sh hudud qolmas edi.

Foto: Google Photos

XIX asrda Axaltaka vohasida 80-90 mingga yaqin turkmanlarning taka urug‘i istiqomat qilar edi. Ular tabiatan jangchi bo‘lib yetishgan qabilalardan biri edi. Ruslarning ularni bo‘ysundirish uchun 1879-yilgacha amalga oshirgan barcha yurishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi. Jumladan, 1978-yilgi Lazerev va Lomakin ekspeditsiyalari muvaffaqiyatsiz tugadi.

Shundan so‘ng, takalarni bo‘ysundirish uchun Farg‘onani egallashda o‘zini ko‘rsatgan general Skobelev tayinlandi. Uning asosiy maqsadi yakuniy zarbani berib Ko‘ktepani ishg‘ol qilish va takalarni bo‘ysundirishdan iborat edi.

Operatsiyaga tayyorgarlik

Mixail Skobelev, birinchi navbatda, yuklarni muvaffaqiyatli tashib kelishga alohida e’tibor qaratdi. Sahroning asosiy transporti bo‘lgan tuyalarning tayyorgarligiga eng ko‘p ahamiyat berdi. Shuningdek, askarlarning ham harbiy, ham oziq-ovqatdan ta’minlashga harakat qildi. Shuningdek, gospital ham qurildi. 1880-yilning noyabr oyiga qadar tuyalar va barcha kerakli oziq-ovqatlar yetib keldi. Shunday qilib, Skobelevning to‘plagan zaxira mahsulotlari 1881-yilning mart oyigacha sakkiz ming kishigacha yetadigan qilib qo‘yildi. Uning ixtiyorida esa yetti mingdan ortiq askar bor edi. Shuningdek, u Fors hududida 146 ming pud zarur zaxira to‘plab qo‘yish uchun polkovnik Grodekovga odam yubordi. Bu zaxira qal’a egallanganidan keyin ishlatilishi kerak edi.

Foto: Google Photos

Qal’adagi aholi esa 45 ming kishini tashkil etar, ularning 20 mingdan ortig‘i askarlar edi. Ularning ixtiyorida esa besh mingdan ortiq qurol bo‘lib, asosan to‘pponchadan iborat edi.

15-dekabr kuni Skobelev ixtiyoriga Turkistondan Kuropatkin boshchiligida 900 ta tuya hamda 1000 ga yaqin askar kelib qo‘shildi va Skobelev operatsiyaga tayyorgarlikni boshlab yubordi. 6-yanvar kuni qal’a burchagidan 500 metr uzoqlikda 12 ta to‘p joylashtirildi. Skobelev shturmni 10-yanvarga belgilagan edi. Ammo, ba’zi bir sabablarga ko‘ra uni 12-yanvarga o‘tkazishga majbur bo‘ldi. 10-11-yanvar tuni ruslar qal’a devorlari ostiga minalar joylashtirdilar. 12-yanvar kuni 7 mingga yaqin askar hujumga tayyor bo‘lib turdi. Hujum boshlanishidan avval minalar portlashi va oqibatda devorlar buzilishi lozim edi.

Qal’aga hujum

Hujum, reja qilinganidek, 12-yanvar kuni boshlandi. Soat 11 dan 20 daqiqa o‘tganda minalar portlatildi. Qal’aning sharqiy devori qulab tushdi va askarlarning qal’aga kirishiga imkon beradigan yoriq paydo bo‘ldi. Kuropatkin otryadi hujumga o‘tganda hali chang tarqalib ulgurmagan edi. G‘arbiy devordan podpolkovnik Gaydarov bo‘linmasi yorib kirishga muvaffaq bo‘ldi. Turkmanlar qattiq qarshilik ko‘rsatdilar. Uzoq davom etgan jangdan so‘ng, turkmanlar qal’aning shimoliy qismi orqali qochishga tushdilar. Qal’ada qolib, qochishga ulgurmagan qismi esa jang qilib halok bo‘ldi. Skobelev qochib ketganlar ortidan 16 km uzoqlikkacha ta’qib qilib bordi. Ruslardan esa jami qamal davrini hisobga olsak, mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi. Jumladan, 34 rus ofitseri ham halok bo‘ldi. Ruslar qal’ada besh ming ayollar va bolalarni asir oldilar. Olti million rubl qiymatga teng o‘lja ham qo‘lga kiritildi.

Foto: Google Photos

Ko‘ktepa qirg‘ini

O‘sha paytda ingliz matbuotida dahshatli voqea haqida shov-shuv ko‘tarildi. Qal’ada himoyachilar bilan birga bo‘lgan ingliz muxbir-ofitserlarning xabar berishicha, rus askarlari Skobelevning topshirig‘iga asosan u yerda qolgan tinch aholiga nisbatan juda qattiq munosabatda bo‘lgan va ommaviy qirg'inlar uyushtirgan. Aynan, ingliz matbuoti ushbu voqeaga ahamiyat qaratganidan keyingina, mahalliy aholiga nisbatan zulm kamaygan.

Rus askarlarning Ko‘ktepadagi qilmishlari haqida Lev Nikolayevich Tolstoyning qizi Tatyana Skobelevning askarlariga aholini o‘ldirishlari uchun vino ichirib mast qilishiga to‘g‘ri kelgani haqidagi voqeani o‘z xronikalarida yozib qoldirgan.

1991-yildan boshlab, 12-yanvar Turkmanistonda xotira kuni sifatida Ko‘ktepa qurbonlari xotirlanadi. 1995-yilda Ko‘ktepa shahrida rus bosqini qurbonlari xotirasiga masjid barpo etildi. 2009-yilda esa Ko‘ktepa jangi tarixiga bag‘ishlangan “Ko‘ktepa” muzeyi ish boshladi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.