2021-yil 6-yanvar kuni amaldagi AQSh prezidenti Donald Trampning tarafdorlari Kongress palatalarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tayotgan Kapitoliy binosiga bostirib kirdi. Bu vaqtda Vakillar palatasi a’zolari ba’zi respublikachi kongressmenlarning Arizonadagi prezident saylovlari natijalarini tan olmaslik talabi yuzasidan munozaralar olib borayotgan edi, Arizonada saylovchilar demokratlar Jo Bayden va Kamala Xarrisga ovoz bergan edi. Kongressmenlar, Kapitoliy xodimlari va binoda bo‘lgan jurnalistlar evakuatsiya qilindi, Trampning tarafdorlari esa majlis zallarini va kabinetlarni egallab olib, u yerlarni ag‘dar-to‘ntar qildi.

Puertorikolik natsionalistlar avtomatik quroldan o‘q uzib, besh kongressmenni yaralashga muvaffaq bo‘lgan, AQSh Kongressi vakillar palatasi majlislar zaliga hujumning rekonstruksiyasi. 1954-yil 1-mart

Foto: Vida Press

Bu AQSh tarixidagi noyob hodisadir, deb yozadi Meduza. Bundan avval AQSh Kapitoliysi 1814-yilda Angliya—Amerika urushi davrida to‘liq ko‘lamli hujumga uchragan. O‘shanda Britaniya qo‘shinlari Vashintonni bosib olib, ko‘plab hukumat binolarini, shu jumladan, Oq uy va Kapitoliyni yoqib yuborgan edi.

Ammo o‘shandan buyon ham alohida shaxslar va odamlar guruhi bir necha marta kongressmenlarga nisbatan hujum yoki terakt uyushtirgan yoki bunga uringan. Eng mashhur voqea 1954-yilning martida, AQSh mustaqilligi tarafdori bo‘lgan Puerto-Riko Natsionalistik partiyasining besh a’zosi Vakillar palatasi majlislar zaliga bostirib kirib, avtomatik quroldan o‘t ochgan, oqibatda besh kongressmen yaralangan edi. 1971-yil martida Weather Underground radikal so‘l tashkilot a’zolari Laosning AQSh aviatsiyasi tomonidan bombardimon qilinishiga norozilik belgisi sifatida Kapitoliyning birinchi qavatida bomba portlatgan edi. 1998-yil iyulida esa revolverli erkak Kapitoliy binosiga bostirib kirib, ikki nafar politsiya ofitserini otib tashlagan edi.

2001-yil 11-sentabrdagi teraktlardan keyin (o‘shanda Kapitoliy terrorchilarning nishonlaridan biriga aylanishi mumkin edi) AQShning boshqa hukumat muassasalaridagi kabi Kapitoliy binosida ham xavfsizlik choralari sezilarli ravishda kuchaytirildi. Ammo 2021-yil 6-yanvarida pandemiya tufayli Kongress binosida xodimlar, shu jumladan, qo‘riqchilar ham odatdagidan kamroq edi.

Eslatib o‘tamiz, Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchilar tomonidan tashkil etilgan “Amerikani qutqarish marshi” nomli norozilik namoyishi ishtirokchilari 6-yanvar kuni kunduzi poytaxt Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirdi. AQSh Kongressi aynan shu yerda mamlakat prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylov yakunlarini tasdiqlashi kerak edi. Namoyishchilarning xatti-harakatlari sabab Senat va Vakillar palatasi a’zolari o‘z ishini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Xabar berishlaricha, majlisda qatnashayotgan AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Kongress binosidan evakuatsiya qilingan.