O‘zbekiston Prezidentining rasmiy veb-sayti – president.uz yangi formatda ishga tushirildi.
Saytning yangi versiyasida Prezident Administratsiyasining Ijro etuvchi apparati rahbarlari, maslahatchilar, departament rahbarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan.
Prezident saytning dizayni butunlay o‘zgargan. Sayt kontent jihatidan ham boyigan va qo‘shimcha qulayliklar yaratilgan.
Yangilangan saytda Prezident Administratsiyasi bo‘limi ochilgan. Unda Prezident maslahatchilari, Prezident Administratsiyasining asosiy vazifalari, Prezident Administratsiyasining Ijro etuvchi apparati rahbariyati, Prezident va Administratsiya huzuridagi tashkilotlari to‘g‘risida umumiy ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.
Bosh sahifada Prezident Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy akkauntlariga havolalar yaqqol ko‘rinadigan tarzda joylashtirilgan. Shuningdek, har bir yangilikni ijtimoiy tarmoqlarda ulashish imkoniyati yaratilgan.
Saytning interfaolligini oshirish maqsadida yangi funksiyalar joriy etilgan. Masalan, davlat rahbarining Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga vidjetlar o‘rnatilgan. Ya’ni ushbu sahifalarni Facebook va Twitter’ga o‘tmasdan turib, saytning o‘zida ko‘rish mumkin.
Saytning bosh sahifasida dunyo va O‘zbekiston xaritasi joylashtirilgan. Bu funksiya yordamida prezidentning xorijga va mamlakatimiz hududlariga tashriflari haqidagi axborotlarni xarita orqali topish mumkin.
Mediateka bo‘limida ilgari faqat fotogalereya bor edi. Yangi saytda bu bo‘lim fotosuratlar bilan boyitilib, foydalanuvchilarga qulay bo‘lishi uchun Majlis va marosimlar, Xorijga tashriflar, Qabullar, Hududlarga tashriflar, Portretlar kabi toifalarga ajratilgan.
Saytga, shuningdek, Videogalereya bo‘limi ham qo‘shilgan. Ilgari prezident faoliyatiga oid film va videolavhalarni faqat Youtube yoki Telegram platformalarida ko‘rish mumkin edi. Endi ular veb-saytning o‘zida to‘rtta kategoriya bo‘yicha Tas-IX tarmog‘ida joylashtirib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi portaliga o‘tish, Xalq qabulxonalarining aloqa ma’lumotlarini izlash kabi qulayliklar bor. Hujjatlar bo‘limida yangi Infografika sahifasi ham tashkil etilgan.
Yangi sayt 1-yanvardan test rejimida ishlay boshladi. Uning bundan oldingi versiyasi 2017-yilda ishga tushirilgan edi.
Izoh (0)