Maykl Edvards (klub sport direktori) “Liverpul” skautlari o‘zlarining hisobotlarini yozganda, balandparvoz gaplardan qo‘rqmasliklariga umid qiladi. Potensial seleksionerlarni baholash tizimini soddalashtirish uchun u har bir o‘yinchiga ma’lum bir baho qo‘yiladigan maxsus tizimni joriy etgan.
Eng yuqori baho – “A” bo‘lsa, eng pasti “D” hisoblanadi. Bahosi qancha yuqori bo‘lsa, o‘yinchiga shunchalik ko‘proq e’tibor qaratilishi kerak. “A” – asosiy jamoada o‘ynash uchun salohiyat mavjudligini anglatsa, “B” – yangi o‘yinchining qabul qilinishi jamoani qaysidir ma’noda kuchaytirishi va kelajakda rivojlanishi mumkinligini bildiradi. “C” esa – uni vaqti-vaqti bilan eslab turish kerakligi belgisidir. Va oxirgi “D” kategoriyasi – uning hech nimaga yaramasligini anglatadi.
Shunga qaramay, “Liverpul” bazasidagi aksariyat o‘yinchilar yuqoridagi harflarning so‘nggi ikkisiga tegishlidir, boisi Yurgen Kloppning talab va me’yorlari o‘ta yuqori. “A”ni topish ulkan muvaffaqiyat. Skautlar Edvardsga shoshilinch harakat qilish kerakligini aytadi. Chetdan qaraganda skaut (shartli) himoyachining 15-20 ta o‘yinini tomosha qilib, keyin esa mos emas degan qarorga kelishi g‘alati tuyulishi mumkin. Ammo faqat shu jarayongina xatolarni minimal darajagacha kamaytirishga imkon beradi.
Edvards uchun ayni vaqt kelajak kabi muhim emas. Hatto klub Virjil van Deyk va Allison Bekerning transferiga rekord darajadagi summa sarflaganida ham u zudlik bilan zaxira variantlarini izlay boshlagan – kelishuv o‘z samarasini berishi hech qachon kafolatlanmagan-ku axir. O‘zgarmas haqiqat bor: qayerdandir yaxshiroq o‘yinchini topish mumkin. Ammo “muammo”, bu ikkisidan kuchlirog‘ini topish oson masala emasligida.
Darhaqiqat, “Liverpul”ning skautlar bo‘limi raqobatdoshlariga qaraganda sezilarli darajada kichik. O‘tgan yilgacha “Manchester Yunayted” barcha futbol mamlakatlarida o‘z vakillariga ega edi. Bu klubda, taxminan, 80 dan ortiq skaut faoliyat olib boradi deganidir. “Liverpul”da esa bu ko‘rsatkich 15 tadan ko‘p emas! Har bir skaut 2-3 mamlakat va mintaqalar uchun javobgar. Skautlar qancha kam bo‘lsa, shuncha mas’uliyat ko‘payadi deb hisoblaydi Edvars. To‘g‘ri, boshqa klublarda xodimlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkin, ammo natijalarni yaxshiroq deb bo‘lmaydi.
“Liverpul” skautlari o‘zlarining “kir ishlardan” qo‘rqmasliklari bilan nom qozongan. Boshqa top-klublarda ko‘pincha skautlar faqat elita jamoalari o‘yinlariga tashrif buyuradi degan fikr bor. Ammo “Liverpul”da futbol ko‘rishdan to‘xtay olmaydigan “telbalar” ishlaydi. Har qanday futbolni.
Butun jarayon Edvards tomonidan boshqariladi. Uning skautlari to‘liq avtonom bo‘lib, ularda aniq ko‘rsatmalar mavjud, ammo hech kim o‘z uslubini qo‘llashga va 24 yoshdan katta bo‘lgan “dasturlashtirilmagan” futbolchilarni izlashga to‘sqinlik qilmaydi. Ular hatto samolyot chiptalarini ham o‘zlari buyurtma beradi, to‘g‘ri, buning uchun klub hisob raqamlaridan foydalanish mumkin. Edvards ularga to‘laligicha ishonadi va bunday ish uslubi hamma uchun mos keladi.
Har bir hisobot onlayn tizimga yuklanadi. Garchi klub egalarida har doim bunday imkoniyat bo‘lsa-da, hisobotni yuklagan shaxs uni ko‘rishi mumkin bo‘lganlar sonini cheklash imkoniyatiga ega. Shuningdek, hisobotlarda statistika va sharhlar uchun ham alohida joy mavjud. Misol uchun, futbolchining shaxsiy hayotida muammolar borligini yoki qimor o‘yinlariga berilib ketganligini ko‘rsatish mumkin. Ko‘pincha bu yerda agar futbolchining agenti uning otasi bo‘lsa, uning o‘g‘liga qanchalik g‘amxo‘rlik qilishini ta’kidlash muhim. Tafsilotlar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Va hozirda har bir o‘yin yozib olinayotgani sababli, videolar ham hisobotga ilova qilinmoqda. Buning uchun InStat’dan foydalaniladi.
Bundan tashqari “Liverpul” Scout7 deb nomlangan xizmatdan ham foydalanib keladi, ushbu platforma dunyo bo‘ylab o‘yinlar haqida ma’lumot to‘plash imkonini beradi. Klubdagilar o‘zlarining ham shunday tizimini yaratish haqida o‘ylagandi, ammo bunga juda katta mehnat sarf etilishidan cho‘chigan.
Ammo shuni unutmaslik kerakki, bunday uyg‘unlik har doim ham kuzatilmagan. Edvards endi ishga kirishganida bir uyum qog‘ozlarga o‘ralishib yurar va ko‘pchilik uning ustidan kulardi. Tabiiyki, bu jamoaning o‘sha paytdagi murabbiyi Brendan Rojersga darhol yoqmagan – yangi xodimning xatti-harakatlari uning obro‘yiga tahdid solayotgandek taassurot uyg‘ongan.
Ammo Edvards xotirjamlikni yo‘qotmagan, uni Fenway Sports Group vakili Mayk Gordon qo‘llab-quvvatlardi. Gordonga Edvardsning xolisligi va butun jarayonni qanday yo‘l qo‘ygani ma’qul kelgandi. Klopp tayinlanishidan oldin ham Gordon bu juftlikning muvaffaqiyatli ishlashiga umid qilgan. Mana 5 yildirki, ular yaxshi munosabatda va aynan ularning muhokamalaridan so‘ng katta ahamiyatga ega qarorlar qabul qilinmoqda.
O‘n yil oldin “Liverpul” boshqa mamlakatlarda skautlarga ega emas edi. Hech bo‘lmaganda doimiy faoliyat yuritadigan. Bunday olib qaralganda, hech qanday strategiya ham bo‘lmagan.
Videoni yozib olish jarayoni ishni sezilarli darajada osonlashtirganiga qaramay, o‘yinchini jonli ravishda ko‘rish juda muhim. Pandemiyada bu qiyinroq, ammo skautlar imkon qadar sayohat qilishga harakat qiladi. Aynan shu orqali biror bir futbolchining fazilatlarini haqiqatan ham ko‘rish, baholash mumkin. Bu videoda amalga oshirib bo‘lmaydigan jihatdir.
Kelishi mumkin bo‘lgan futbolchilarning potensial ro‘yxatlari shakllantirilganda yana uchta jihat birinchi planga chiqadi – iste’dod, ehtiyoj va narx. Odatda futbolchilarning transfer qiymati o‘ynab turishi hech kimga sir emas.
Skautlar esa raqamlar bilan ishlamaydi – barcha “matematiklar” Grem singari Cheltenhemda yoki klub bazasida o‘tiradi. Tahlilchilar muhim, biroq ayrim klublar inson omilidan butunlay voz kechishga ulgurgan, boshqalari esa hamon eski jarayonni afzal ko‘rmoqda. Bu holatda “Liverpul” har ikkala yondashuvni birlashtirib ish olib bormoqda.
Shuning bilan birga Kloppning ish etikasi ham boshqalarga o‘tmay qolmaydi. Aytishlaricha, skautlar ta’tilga chiqmaydi va hech qachon futbolni unutib qo‘ymaydi.
Ular har doim o‘yinlarga tashrif buyuradi va ular juda aqlli. Ular to‘g‘ri savollarni beradi, lekin hech qachon savolga javob bermaydi. Ulardan qaysi o‘yinchi qiziqish uyg‘otgani haqida so‘ralsa, javob har doim bir xil bo‘ladi: “Ha, men shunchaki futbol tomosha qilish uchun kelgandim ...”.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!