Asli polshalik bo‘lgan talaba qiz Mariya Sklodovska Sorbonnada tahsil olish jarayonida domlasi, fransuz fizigi Pyer Kyuri bilan turmush qurdi. Juftlik juda kuchli nazariy tayyorgarlikka ega olimlar oilasi bo‘lib shakllandi va zamonasining eng dolzarb ilmiy masalalari bilan shug‘ullana boshladi. Shunday yangi dolzarb ilmiy masalalardan biri bo‘lgan radioaktivlik hodisasini o‘sha paytlarda Anri Bekkerel kashf etgan edi va mazkur sirli hodisasining mohiyatini o‘rganishga ko‘plab fiziklar qatori Pyer va Mariya Kyurilar ham kirishib ketdi. “Daryo” radiy elementi kashf qilinganiga 122 yil muddat to‘lgani munosabati bilan kashf etilishi tarixi haqida ma’lumot beradi.
Bekkerelning o‘zi radioaktivlik hodisasini uran elementini tadqiq qilish orqali kashf etdi. Shu tufayli er-xotin Kyurilar ham o‘z xonadonidagi eski omborxonada uran mineralining katta miqdorini sinchiklab tekshirishni boshladi. Bu maqsad uchun ular Chexiyadagi Yoaximstal konidan chiqindi sifatida tashlab yuborilgan bir necha tonna nasturan moddasini keltirib, o‘z omborlariga to‘kkan edi.
Tekshirishlarda ular g‘alati bir anomaliyaga duch keldi: Yoaximstaldan keltirilgan ushbu uran minerali oddiy urandan ko‘ra kuchliroq nurlanish tarqatayotgandek edi. Avvaliga Kyurilar bu mineralda yana bir boshqa radioaktiv modda – toriy ko‘proq bo‘lsa kerak deb o‘yladi. Lekin izlanishlar unda toriy mavjud emasligini ko‘rsatdi.
Shundan keyin Mariya Kyurining xayoliga muhim bir fikr kelib qoldi va u ushbu kuchli nurlanishni hali fanga noma’lum bo‘lgan biror yangi kimyoviy element tarqatayotgan bo‘lishi mumkin deya taxmin qildi. Omborxonadagi uzoq muddat mashaqqatli mehnatdan keyin 1898-yilning xuddi shu sanasida Pyer va Mariya Kyuri haqiqatan ham ushbu ruda tarkibida hali fanga ma’lum bo‘lmagan radioaktiv elementlar mavjudligini aniqladi.
Er-xotin olimlar bu haqida darhol batafsil ilmiy ma’ruza tayyorlab, Fransiya Fanlar akademiyasiga taqdim qildi va kashfiyotdan besh kun o‘tiboq, ya’ni 1898-yilning 26-dekabr sanasida ular Fanlar akademiyasida katta ma’ruza qilib, olingan natijalarni ilm ahli hukmiga havola qildi.
An’anaga ko‘ra, ushbu yangi elementlarni ochgan er-xotin Kyurilar kashshof sifatida o‘zlari istagan nomni berishlari mumkin edi. Shu sababli ular Akademiyadagi ma’ruzada o‘zlari o‘ylab topgan nomlarni ham taklif qildi. Unga ko‘ra, yangi ochilgan radioaktiv elementlardan birinchisiga Mariya Kyurining vatani – Polsha sharafiga poloniy deb nom berishgan bo‘lsa, ikkinchisini radiy deb nomlashdi. Nomning ma’nosi lotinchada “nur” degan ma’noni bildiradi. Ya’ni bu orqali olima mazkur elementdan kuchli nurlanish chiqishiga urg‘u qaratgan, degan fikr mavjud.
Elementlarga bunday nom berilishi haqida fan tarixiga oid manbalarda qiziq bir hikoya keltiriladi. Aytilishicha, Mariya Kyuri Adam Mitskeyevich ismli shoirning she’rlarini sevib mutolaa qilgan ekan. Shuningdek, olima bu paytda chor Rossiyasi tarkibida bo‘lgan vatani Polshaning mustaqil bo‘lishi orzusi bilan yashadi. Shu sababli ham xalqaro hamjamiyat e’tiborini Polsha xalqi ozodligi masalasiga tortish uchun yangi elementlardan biriga poloniy deb nom berdi.
U Polsha ozodligi haqida jo‘shqin she’rlar yozadigan Mitskeyevichning she’rlaridan birida “yaxshi odamlar chehrasidan nur taralib turadi”, degan misralardan ham qattiq ta’sirlanib, shu sababli ikkinchi, kuchliroq radiatsiyali elementga “nur” ma’nosini beruvchi nomni qo‘ygan deyiladi.
Yangi kashf etilgan ushbu ikki elementdan aynan radiy ko‘proq mashhurlikka erishdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Avvaliga ushbu elementni olishning juda qiyinligi va uning kamyobligi nuqtayi nazaridan radiy o‘ta qimmatbaho modda sanalgan va boylik manbayi sifatida qaraldi. Haqiqatan ham hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘shanda Kyurilar bir gramm toza radiy olish uchun bir necha vagon uran rudasini qayta ishlashlariga to‘g‘ri kelgan ekan va bu jarayon uchun 100 vagon ko‘mir hamda 100 sisterna suv ishlatishdi. Umuman olganda, 1910-yillarda radiyning bir grammi 180 ming AQSh dollari deb baholandi. Ma’lumot uchun, o‘sha paytda bu pulga 160 kg tilla sotib olish mumkin edi!
Radiyni olish sal osonlashganidan keyin, olimlar va vrachlar radiy vositasida turli kasalliklarni davolash, hatto radiyli kosmetika vositalarini ishlab chiqarishni ham boshlab yubordi. 1910–1920-yillar orasida dunyo “radiy vasvasasi”ga yo‘liqdi, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki o‘sha paytlarda kuchli reklama va targ‘ibot kampaniyalari tufayli odamlarga radiyni go‘yoki har qanday kasallikka davo bo‘ladigan sehrli modda deb taqdim qila boshlashdi va biror mahsulot ichida radiy borligini aytib sotish modaga aylandi. Ishonasizmi, hatto radiyli tish pastalari ham sotuvda paydo bo‘ldi.
“Radiy vasvasasi” qanchadan-qancha odamlarning salomatligida jiddiy va xatarli o‘zgarishlar keltirib chiqarganini hozir hech kim aniq bilmaydi. Davriy jadvalda 88-raqam bilan qayd etiluvchi ushbu radiy elementi juda kuchli nurlanish manbayi bo‘lib, odamda kuchli kimyoviy kuyish va saraton kasalliklariga sabab bo‘ldi! Buni shundan ham bilish mumkinki, o‘shanda radiyni kashf qilgan va ustida sinchiklab tekshirishlar o‘tkazgan Mariya Kyurining o‘zi ham aynan shu tufayli olingan nurlanish kasalligi sababli vafot etdi. Mariya Kyurining ish olib borgan laboratoriyasi va uning qayd daftarlaridan hozirda ham kuchli nurlanish taralib turadi va hanuz atrofdagilar uchun zararlidir.
Aytib o‘tish joizki, radiy kashf qilinganidan beri bugun mana naq 122 yil muddat o‘tgan bo‘lsa, shu paytgacha dunyo bo‘yicha atigi 1,5 kg atrofida radiy ishlab chiqarildi xolos. U juda kamyob elementlar sirasiga kiradi. Radiy va poloniy elementlarini kashf etgani uchun Mariya Kyuri 1911-yilgi kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Muzaffar Qosimov tayyorladi.