Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Belarus muxolifati rahbari Svetlana Tixanovskaya Aleksandr Lukashenko hokimiyatdan bosh tortgan taqdirda, 45 kunlik o‘tish davridan so‘ng mamlakatni boshqarish niyatida. Bu haqda uning 7-dekabr kuni “Tut.by”ga bergan intervyusiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar qildi.

Foto: Telegram / “Pul pervoy”

Foto: Telegram / “Pul pervoy”

“Men buni saylovoldi tashviqot davomida aytdim – biz yangi saylovlar o‘tkazishimiz kerak. Endi buni ongli ravishda amalga oshirishga imkon beradigan hujjatlar ishlab chiqilgani sababli, biz bunday bayonotni yozishga qaror qildik.

Ammo shunga qaramay, men barcha siyosiy mahbuslar ozod qilinmaguncha bularning hammasidan voz kechmasligim aniq”, – dedi Tixanovskaya.

Tixanovskayaning xalqaro ishlar bo‘yicha maslahatchisi Frank Vyachorka yangi saylovlarni o‘tkazish uchun eng kamida 45 kun talab qilinadi, deb ta’kidlamoqda.

“Bizning vazifamiz – yangi saylovlarni tezroq tashkil qilib, uning normal o‘tishi va barchaning raqobatlashishi uchun bir xil sharoit yaratish”, – dedi Vyachorka.

Tixanovskayaning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda Lukashenko ketganidan keyin amalga oshiriladigan konstitutsiyaviy islohot loyihasi, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga iqtisodiy yordam ko‘rsatish va kichik hamda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi e’lon qilinadi.

Muxolifat rahbari, shuningdek, hokimiyatni topshirish bo‘yicha muzokaralar muqarrarligini aytdi.

“Hamma narsa muzokaralardan boshlanadi, biz ularni o‘tkazishimiz kerak. Voqealar rivoji qanday bo‘lishidan qat’i nazar, u (Lukashenko) muzokara stoliga o‘tiradi.

Kelishuvga erishilganda siyosiy mahbuslar ozod etilgach o‘tish davri boshlanadi va yangi saylovlar bo‘lib o‘tadi”, – dedi Tixanovskaya.

Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, kelishuv shartlari muzokaralarga, ushbu muzokara stolida kimlar bo‘lishiga, shuningdek, o‘sha paytda Aleksandr Lukashenko qayerda bo‘lishiga bog‘liq.

Avvalroq Lukashenko o‘zini Belarus hukumatidan uzoqlashtirish yo‘lini oshkor qilib, bu ishni faqat Belarus xalqi qilishi mumkinligi haqida aytgan edi.

Belarusda 2020-yil 9-avgustdan buyon prezidentlik saylovlaridan keyin boshlangan norozilik namoyishlari davom etmoqda. Belarus MSK Lukashenkoni saylovlar g‘olibi deb topgan, asosiy raqobatchi, muxolifat vakili Svetlana Tixanovskaya esa rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 10 foiz ovoz olgan. Tixanovskayani Yevropa davlatlari qo‘llab-quvvatlamoqda. Tixanovskaya mag‘lubiyatini tan olmagan va o‘zini “Belarus xalqi tomonidan saylangan yagona yetakchi” deb atagan. Saylovdan ikki kun o‘tgach Tixanovskaya Litvaga chiqib ketgan. Uning safdoshlari Tixanovskaya hukumat bosimi ostida mamlakatdan chiqib ketganini ma’lum qilgan. Lukashenko bir necha marta saylovlar halol o‘tgani haqida gapirgan, Moskva ham uning prezidentlikka saylanganini tan olgan.

Lukashenkoga qarshilar hanuzgacha ko‘chalarga chiqib o‘z noroziligini bildirmoqda. 22-noyabrning o‘zida Minskdagi mitinglar vaqtida saylovlardagi natijalarni bekor qilish va qaytadan o‘tkazishni talab qilayotganlar orasidan 300 dan ziyod kishi hibsga olingan. Inson huquqlari himoyachilari hibsga olinganlarning bir qismi tez yordam mashinalarida olib ketilganini qayd etgan.

Noyabr o‘rtalarida Minskdagi faollardan biri Roman Bondarenkoning halok bo‘lgani xabar qilingan. U o‘z uyi yonida, hovlida niqob taqqan fuqarolik kiyimidagi notanish nusxalar tomonidan kaltaklangan va keyinchalik shifoxonada vafot etgan. Bosh prokuratura sodir bo‘lgan voqea haqida gapirgan tez yordam xodimining ma’lumotlari ishonchli emasligini bildirgan.

Lukashenko prezidentlik vakolatlarining 70-80 foizini Parlament, hukumat va boshqa tuzilmalarga berishni va’da qilgan.

“Hukumat ushbu masalalarni har tomonlama o‘rganib chiqmoqda, ya’ni IIV, DXQ, gubernatorlar, mahalliy hokimlik organlari buni muhokama qilib, Parlamentda ham debatlar qiling, qonun doirasida qaror chiqarib, qonunni prezident imzosi uchun kiriting”, — degandi Lukashenko.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Amerikadagi rus mafiyasi boshlig‘iga aylanib, Rossiyada o‘lim topgan “qonundagi o‘g‘ri” — “Yaponchik”. Kun xronologiyasida 29-yanvar
Dunyo
General Pyotr Pavel Chexiyaning yangi prezidenti etib saylandi
Mahalliy
Markaziy bank raisining kripto-aktivlar bo‘yicha ma’lumoti rad etildi