Professional futbol Ligasi (PFL) “Neftchi” — “Turon” uchrashuvida (0:1) yuzaga kelgan holatlar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Foto: PFL

“Neftchi” — “Turon” uchrashuvi yakunida hakamlarga nisbatan “Neftchi” klubi futbolchilari hamda muxlislarining tajovuzkor xatti-harakatlari kuzatildi, maydonda tartibsizlik vujudga keldi. Ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlari sabab ko‘ngilsiz holat tezda bartaraf etildi.

Shu kuni hakamlar guruhi va umuman uchrashuvda bevosita ishtirok etgan shaxslarning og‘ir tan jarohati olishi holati kuzatilmadi. 2-dekabr kuni uchrashuv rasmiylari PFL vakillari bilan birgalikda Toshkentga qaytib keldi, ayni vaqtda ularning salomatliklari bilan bog‘liq muammolar yo‘q.

2-dekabrning o‘zida O‘FA hakamlar va nazoratchilar bo‘limi ekspertlari uchrashuvni o‘rganib chiqdi. Uning burilish nuqtalari asosan uch vaziyatda yuz bergan:

  • 14-daqiqada bosh hakam mezbonlar darvozasiga penalti belgiladi. Mazkur vaziyatga hakam anchagina yaqin bo‘lgani uning yutug‘i bo‘ldi va u haqli ravishda 11 metrlik jarima zarbasi belgiladi;
  • 45-daqiqada to‘p “Turon” futbolchisining qo‘liga teggandek tuyuldi, o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, hakam jarima belgilamay, to‘g‘ri qaror qabul qilgan. Sababi to‘p futbolchining tana qismiga teggan;
  • 90-daqiqada to‘p yana bir bor “Turon” futbolchisining qo‘liga teggandek tuyuldi. Takroriy lavha esa to‘p futbolchining ko‘krak va yelka qismiga tegganini ko‘rsatdi, qolaversa, bu erda himoyachining qo‘l tabiiy holatda turgandi. Hakamning bu qarori ham to‘g‘ri bo‘ldi.

Shundan kelib chiqib, uchrashuvni yaxshi boshqarib borgan hakam 8.3 ballga loyiq ko‘rildi, uning harakatlari yaxshi baholandi. PFL bellashuvdagi provokatsion harakatlarga uchmay, murakkab o‘yinni boricha boshqarib borgan hakamlar brigadasiga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Shuningdek, PFL mazkur ishni tegishli qo‘mitalarda o‘rganib chiqish hamda aybdorlarni jazolashni so‘rab, ishni O‘FAga oshirdi.

1-dekabrning o‘zida PFL rasmiylari Farg‘ona viloyati IIB vakillari bilan muloqotda bo‘ldi hamda qonunchilik asosida ularni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi. O‘yindan keyin o‘zini noprofessionallarcha tutgan mezbonlar vakillari va buning oqibatida taqiqlangan hududni kesib o‘tgan futbol muxlislari bilan viloyat IIB shug‘ullanmoqda. Ayni vaqtda O‘FA tegishli qo‘mitasida ham, IIBda ham ishni o‘rganish uchun yetarlicha dalillar mavjud. PFL futbol muxlislaridan biror-bir qaror chiqarishda shoshilmaslikni iltimos qiladi.

Ayni kunlarda O‘FA Etika qo‘mitasi hamda maxsus inspeksiyasi nohalol hakamlik masalasini ko‘rib chiqishda davom etmoqda. Mana shunday vaqtda hakamlar guruhi ham mas’uliyatni his qilib turibdi. Jamoaning har qanday muvaffaqiyatsizligiga faqatgina hakamlar aybdor bo‘lavermaydi.

“Neftchi” — “Turon” uchrashuvidagi holat futbolda kam uchrasa-da, ammo uning bir qismi hisoblanadi. IIB hamda O‘FA tegishli qo‘mitalari o‘z vakolatlari doirasida mazkur ishni o‘rganib chiqadi hamda aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘radi.

PFL, “Neftchi” — “Turon” uchrashuviga oid rasmiy bayonot

Eslatib o‘tamiz, “Neftchi”—“Turon” uchrashuvi tugaganidan keyin “Neftchi” futbolchilari va muxlislar hakamlarga tashlandi. Vaziyatlarning birida farg‘onaliklar o‘yinchisi uchrashuv bosh hakami Shavkat Nasibullayevga oyoq bilan zarba bergan. Keyinchalik hakamga zarba bergan futbolchi 98-raqamli Jamshid To‘raqulov ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur bahsni PFL rahbariyati bilan bir qatorda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov ham stadiondan to‘g‘ridan to‘g‘ri ravishda kuzatib borgan.

Ushbu voqeliklardan so‘ng Professional futbol ligasi (PFL) bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev yuzaga kelgan holat O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan alohida o‘rganilishini ma’lum qildi.

Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi esa o‘yindan so‘ng yuz bergan holatlar tashkilot tomonidan nazoratga olinganini bildirib, barcha huquqbuzarlar ushlanganini va tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotgani haqida bayonot berdi.

Keyinchalik voqeaga aloqador besh kishi 15 sutkaga qamalgani va yana olti kishiga nisbatan jinoyat ishi ochilgani, ular orasida “Neftchi”ning ikki futbolchisi ham borligi ma’lum bo‘ldi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!