Farg‘onada 1-dekabr, seshanba kuni o‘tkazilgan “Neftchi”—“Turon” o‘yinidan so‘ng yuzaga kelgan tartibsizliklarda ishtirok etgan besh nafar shaxsga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov.

Foto: “Daryo”

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra janjal oqibatida uchrashuv bosh hakamida (Shavkat Nasibullayev) yuz qismi lat yeyish va tanasining shilinmalari, yordamchi hakamlarda (Rishat Nugmanov va Doniyor Saylavov) esa tanaga turli ko‘rinishdagi jarohatlar yetkazilganligi aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, ommaviy tadbir o‘tkazilayotgan vaqtda kelib chiqqan tartibsizliklarda ishtirok etgan besh nafar shaxs (muxlislar) ma’muriy tartibda ushlangan. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga taqdim etilgan.

Mazkur ishga oid hujjatlar 2-dekabr, chorshanba kuni Farg‘ona shahar ma’muriy sudida sudya Solijon Qurbonov raisligida ko‘rib chiqilgan. Sud qarori bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasida (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun besh nafar shaxsga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “v” bandi (ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda bezorilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu jinoyat ishi doirasida, shuningdek, 6 nafar shaxs gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Ular orasida “Neftchi”ning ikki futbolchisi ham bor. Ulardan biri jamoa posboni bo‘lsa, ikkinchisi hakamga zarba bergan futbolchi — Jamshid To‘raqulov.

Avvalroq qo‘lga olinganlar soni sakkiz nafar ekanligi haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, “Neftchi”—“Turon” uchrashuvi tugaganidan keyin “Neftchi” futbolchilari va muxlislar hakamlarga tashlandi. Vaziyatlarning birida farg‘onaliklar o‘yinchisi uchrashuv bosh hakami Shavkat Nasibullayevga oyoq bilan zarba bergan. Keyinchalik hakamga zarba bergan futbolchi 98-raqamli Jamshid To‘raqulov ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur bahsni PFL rahbariyati bilan bir qatorda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov ham stadiondan to‘g‘ridan to‘g‘ri ravishda kuzatib borgan.

Ushbu voqeliklardan so‘ng Professional futbol ligasi (PFL) bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev yuzaga kelgan holat O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan alohida o‘rganilishini ma’lum qildi.

Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi esa o‘yindan so‘ng yuz bergan holatlar tashkilot tomonidan nazoratga olinganini bildirib, barcha huquqbuzarlar ushlanganini va tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotgani haqida bayonot berdi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!