Xalq ta’limi tizimiga raqamli texnologiyalarning joriy etilishi o‘quv jarayonlariga qay darajada ta’sir ko‘rsatayotgani va boshqaruv organlariga qanday qulayliklar berishi haqida “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov bilan suhbat uyushtirdi.

“Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov (chapdan o‘ngga)

Foto: “Daryo”

Hammaga ochiq va shaffof

Ikki xil yo‘nalishda raqamli texnologiyalarni tatbiq etish ishlarini olib boryapmiz. Birinchisi, xalq ta’limi tizimini raqamlashtirish, ya’ni boshqaruv. Ikkinchisi esa maktablarda raqamli texnologiyalarni joriy etish.

O‘zbekistondagi eng katta sohalardan biri xalq ta’limi tizimi hisoblanadi. O‘n mingdan ortiq maktablar, 700 mingdan ziyod ishchi xodimlar xizmat qiladi. Tizimda yillar davomida barcha statistik raqamlar tan olishimiz kerak qog‘ozda bo‘lgan. Hozirgi kunda xalq tizimini avtomatlashtirish va statistik ma’lumotlarni raqamlashtirish uchun bir nechta tizimlarni ishlab chiqmoqdamiz. Xalq ta’limi tizimini avtomatlashtirish maqsadida IRB tizimini joriy etmoqdamiz. Bunda asosiy maqsad aniq ma’lumotlar bazasini yaratish, ya’ni pastdan turib ma’lumotlar yig‘ish va ma’lumotlarni qayta ishlashni osonlashtirishga qaratilgan. Maktab o‘quvchisidan to vazirlikkacha bo‘lgan bo‘g‘inlarda bor bo‘lgan byurokratiyani, qog‘ozbozlikni kamaytirish va ishlarni samarali tashkil qilish. Tizimga maktablar, o‘quvchilar va o‘qituvchilar soni kiritiladi. Shuningdek, bunda o‘quvchi yoki o‘qituvchini bitta maktabdan ikkinchi maktabga o‘tganligi haqidagi ma’lumotlar va har bitta o‘qituvchining shaxsiy kabineti aks etadi.

Hozirda tizimni Shayxontohur tumanida tajriba-sinovi o‘tkazilmoqda. Ikkinchi bosqichda Toshkent shahri, keyin viloyat markazlari undan keyin esa butun respublikada joriy etishni rejalashtirilgan. Keyingi o‘quv yili boshlangunga qadar barcha ishlarni oxiriga yetkazamiz.

Respublika bo‘ylab har yili 1-sinfga qabul bo‘ladi. Bu o‘quv yilgi qabul uchun onlayn navbatga turish va qabulga yozilish tizimini sinovdan o‘tkazdik. Toshkent shahrida 50 mingga yaqin ota-onalar va o‘quvchini qabulini onlayn tarzda o‘tkazdik. Bu juda ko‘p yengilliklar berdi. Biz faqat ota-onalarga qulaylik yaratyapmiz deb o‘yladik. O‘zimiz ham hayron qoldik, katta jarayon bo‘lgani uchun qiyin bo‘ladi deb o‘ylagan edik. Unday bo‘lmadi, maktabdan to vazirlikkacha bo‘lgan munosabatlarni masofadan turib boshqarish imkoni bo‘ldi. Barcha bosqichlarda ma’lumotlar ochiq ko‘rinib turdi. Qancha joy bor edi, qancha qabul bo‘ldi maktab to‘lib bormoqdami yoki to‘lmayaptimi uni statistikasi qanday ketmoqda, kim yaxshi ishlayapti, kim yomon ishlayapti, ochiq oydin ko‘rinib turdi. O‘shanda qaror qabul qilishimiz juda tez va shaffof bo‘ldi.

Foto: “Daryo”

Hozir o‘quvchi bitta maktabdan ikkinchisiga o‘tadigan bo‘lsa, biz bilmaymiz. Maktabda nechta bola o‘qiyapti, ikkinchi maktabda nechta bola bor tizimli ma’lumotlar jamlanmasi yo‘q. Agar shu tizim ishga tushadigan bo‘lsa, barchasi yaqqol ko‘rinib turadi. Aytaylik bu yil ichida jami 100 nafar o‘quvchi sinfini almashtirdi. Buning sababini o‘rganishimiz, tahlil qilishimiz mumkin. Lekin tizim bo‘ladigan bo‘lsa, nima uchun o‘qituvchilar bitta maktabdan ikkinchi maktabga ko‘p o‘tmoqda yoki bitta hududdan ikkinchi hududga o‘quvchilar ko‘p o‘tayotganini o‘rganib, tahlil qilishga imkoniyatimiz bo‘ladi. Raqamlashtirishni katta imkoniyatlari tahlil qilib, qaror qabul qilishga yordam beradi. Tizim ishlab chiqilgan, bir nechta modullari – funksiyalari bor. Ushbu tizimni boshqa tizimlar: “Kundalik kun”, “Elektron jurnal”, dovomad tizimi, kamera orqali dovomadni nazorat qilish, ijro intizomi, hujjat almashinuv portali bilan integratsiya qilish ustida ishlayapmiz.

O‘qituvchidan vazirgacha bitta tizim

Maktablarda raqamli texnologiyalarni joriy etish ishlarini bir nechta komponentga bo‘lib tahlil qilamiz. Birinchisi, maktabdagi AKT xonasi, ya’ni avvalgi informatika xonasini zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan jihozlash. Respublika bo‘yicha 10 mingta maktabimiz bo‘lsa, 16 mingga yaqin kompyuter sinfxonasi mavjud. Shundan 60 foizi, ya’ni 9 mingta kompyuter sinfxonasi hozirgi kun talabiga javob beradi, taxminan 135 ming dona kompyuter. Bu degani to‘xtab qolishimiz kerak degani emas yoki qolgan maktablarda kompyuter yo‘q degani ham emas. Qolgan maktablarda ham kompyuter bor, lekin zamonaviy deb aytolmaymiz.

Foto: “Daryo”

Janubiy Koreyaning “Eksimbank” kreditlari hisobidan loyihamiz bor. Ushbu loyiha doirasida 3 mingga yaqin kompyuter sinfxonasini, ya’ni 50 mingga yaqin kompyuterni joylarga olib borib, jihozlash bo‘yicha ishlarni tashkil qilganmiz, shu yil yakuniga qadar hamma ishlar yakuniga yetadi. Bundan tashqari Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan grant mablag‘lari ajratilgan. Uning doirasida 1300 ta kompyuter sinfxonasiga zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlanadi va bu ishlar davom etmoqda. Bizning asosiy maqsadimiz barcha maktablarda to‘liq, zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlash.

Ikkinchisi, kompyuterni yoqqandan keyin uning ichi bo‘m-bo‘sh bo‘lishi kerak emas. Birinchisi internet, ikkinchisi kontent. Internetga ulandi degani bu turli resurslarga kirish imkoniyati bor degani. Ikkinchi yo‘nalishi kontent, ya’ni kompyuterni yoqqanidan keyin o‘quvchi yoki o‘qituvchi nimani ko‘radi? Shu bo‘yicha ham hozirgi kunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ichki lokal tarmoqni yaratish bo‘yicha ish olib bormoqdamiz. Shu yil yakuniga qadar 7 mingta maktabning kompyuter sinfxonasini internet bilan ulash va ichki lokal tarmog‘ini bog‘lash bo‘yicha ishlarni olib bormoqdamiz. Keyingi 2021-yil yakuniga qadar barcha maktab sinfxonalarini kompyuterlar bilan jihozlash, internet bilan ta’minlash va ichki lokal tarmoqni rivojlantirish rejalashtirilgan.

Foto: “Daryo”

Ichki lokal tarmoqni o‘rnatganimizdan keyingi rejamiz sinfxonalardagi kompyuterlarni markazlashgan holda kontent bilan boyitish, yangilab borish. AKT xonasi bo‘lganidan keyin elektron darsliklarni joylash, undan tashqari qo‘shimcha resurslarni joylash masalasi bor. Hozirgi kunda ZiyoNet portalida 6 mingtadan ortiq sayt kiritilgan va juda ko‘p elektron resurslar bor. Afsuski, unga ham e’tibor kamayib qolgan, kontent yangilangan yoki hozirgi kun talabiga javob beradi deb aytolmaymiz. Shuning uchun lokal tarmoqni ulaganimizdan keyin markazlashgan holda o‘qituvchi va o‘quvchini kompyuterini kontent bilan boyitib borish o‘zimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.

Uchinchi komponent bu o‘qituvchilar. Aytaylik kompyuter sinfxonasini jihozladik, internet olib keldik, konten bilan boyitdik, xo‘sh, kim dars beradi? Bizda 16 mingga yaqin AKT – informatika o‘qituvchilari bor. Ularni o‘qitish va malakasini oshirsh maqsadida AQSh bilan birgalikda yangi bir loyihani amalga oshirmoqdamiz. Maqsadmiz hozirgi maktabdagi o‘qituvchilarni AKT bo‘yicha savodxonligi va bilim berish texnalogiyasini hozirgi zamon talablariga moslash. “O‘quvchi o‘qituvchini bilimidan ko‘proq narsa ololmaydi”, degan tushuncha bor. O‘quvchiga o‘qituvchi nima bilim bersa, undan ortiqcha narsa ololmaydi. Shuning uchun sharoit yaratishdan tashqari bizning eng katta e’tibor beradigan jihatimiz – o‘qituvchilar.

Maktabda raqamli texnologiyalar uchun 100 milliard so‘m

Hukumat tomonidan har yili maktablarda raqamli texnologiyalarni raqamlashtirishni joriy qilish uchun 100 milliard so‘m ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu mablag‘lar birinchi navbatda barcha maktabda sifatli internet va sifatli lokal tarmoqni yo‘lga qo‘yish uchun sarflash ko‘zda tutilgan. Keyingi masala – kontent. Kontent bo‘yicha alohida guruhimiz bor. Xalq ta’limi vazirligi qoshida innovatsiya texnologiyalar markazi resurslarini samarali qo‘llash. Bundan tashqari ta’lim markazimiz bor. Ular ham kontentni yaratish va joriy etishga mas’ul organ hisoblanadi. Joriy yil barcha sinflardagi informatika kitoblarini umuman yangidan chop etib, maktablarga yetkazildi. Ichini ochib qaraydigan bo‘lsangiz, avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Qo‘rqmasdan aytolaman, hozirgi zamon talablariga to‘la javob beradi. Avvalgi variantlaridan farqi shundaki, o‘quvchiga 8-9 sinfdan boshlab turli dasturlash tillarini o‘rgatishga qaratilgan.

Foto: “Daryo”

Har bir tumanda informatika maktabi

Informatikaga ixtisoslashgan maktablarni ochish bo‘yicha prezidentimizning qarorlari chiqdi. Qarorga muvofiq kelgusi uch yil davomida har bitta tumanda bittadan informatikaga ixtisoslashgan maktablar tashkil qilinadi. Tabiiyki, maktab nomini o‘zgartirgan bilan hech narsa o‘zgarib qolmaydi, buni tan olishimiz kerak. Uni rivojlantirib borishning uzviy bog‘liqligini ta’minlash eng og‘ir masala. Ushbu masala ustida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, axborot texnologiyalariga yo‘naltirilgan oliy ta’lim muassasalari va joylardagi IT parklar bilan birgalikda ishlamoqdamiz. Bu drayver bo‘ladi. Har bitta tumandagi informatikaga ixtisoslashtirilgan maktab tayanch maktabi bo‘ladi – eng yuqorida al-Xorazmiy maktabi, undan quyida hududlardagi 14 ta maktab va tumanlarda bittadan ixtisoslashgan maktablar uzviy bog‘liq holatda ishlaydi. Qolgan umumiy o‘rta ta’lim maktablariga esa tajriba metadologiyasi bosqichma-bosqich joriy qilib boramiz.