“Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori (PQ–4642-son, 17.03.2020-y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar bergan.

Foto: “Daryo”

Qarorga muvofiq, “Raqamli Toshkent” kompleks dasturi amalga oshiriladi.

Shahar xizmatlarini boshqarish, ijtimoiy soha obyektlari, ishlab chiqarish, yo‘l transport va kommunal infratuzilmaning integratsiyalashgan axborot muhitini yaratish va keyinchalik muvaffaqiyatli tajribani respublikaning boshqa hududlarida tatbiq etish Dasturning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Dasturga asosan, 2020-yilda:

  • 1-maygacha avia, temiryo‘l va boshqa transport xizmatlariga elektron chiptalarni onlayn sotib olish yagona axborot tizimi joriy etiladi;
  • 1-sentabrgacha barcha maktablarda jurnal va o‘quvchilarning kundaliklarini qog‘oz shaklida yuritish bekor qilinadi hamda ularni elektron tarzda yuritishga mo‘ljallangan yagona axborot tizimi ishga tushiriladi;
  • 1-noyabrgacha kommunal xizmatlar bo‘yicha to‘lovlarni onlayn to‘lash hamda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan elektron hamkorlikni ta’minlovchi “Mening uyim” yagona axborot tizimi joriy etiladi;
  • 1-dekabrgacha “Yagona elektron tibbiy karta” axborot tizimi joriy etiladi va “Elektron poliklinika” axborot tizimiga 62 ta oilaviy poliklinika ulanadi.