Hammasi ortda qoldi: Mayk Tayson va Roy Jons o‘rtasidagi jang yakunlandi! 90-yillarning afsonalari umumiy hisobda 105 yoshida jang o‘tkazdi, bellashuv ikki daqiqadan davom etgan 8 raunddan iborat bo‘ldi. Shunga qaramay ular qisman bo‘lsa-da, yoqimli nostalgiyani qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Jang taxmin qilinganidek, o‘ta zerikarli va yomon o‘tmadi, balki jangchilar yaxshigina qarama-qarshilikni yuzaga keltira oldi.

Foto: Getty Images

Tayson, albatta, eng yaxshi yillarida bo‘lgani kabi harakat qildi va zarbalar berishga urindi, Jons esa bu jarayondan juda mamnun edi. Bularning barchasi birgalikda ko‘rgazma emas, balki haqiqiy jang ruhini bera oldi.

Biroq ko‘ngilni xira qilgan asosiy jihat, durang natijaning e’lon qilinishi va g‘alati hisob-kitob ishlari bo‘ldi. Hakamlar hay’atida uch nafar sobiq Jahon chempioni (litsenziyasi yo‘q) bor edi va ularning har biri jangni turlicha ko‘rdi. Umuman olganda, Mayk va Roy natijadan norozi emas, ammo ularning har biri o‘zini g‘olib hisoblamoqda.

Tayson haqiqatan ham yaxshi formada. Ammo juda oddiy harakat qildi. Jons esa ringni yaxshi his qildi

Ushbu jangning rasmiy maqomda o‘tmaganining ikki asosiy omili, bu raundlar vaqti va qo‘lqoplardir. Odatiy uch daqiqalik raund o‘rniga Tayson va Jons ikki daqiqadan jang qilgan bo‘lsa, ularga 10 unsiya (283,5 gramm) qo‘lqoplar o‘rniga 12 unsiya qo‘lqoplar (340,2 gramm) berildi. Odatda 12 lik qo‘lqoplardan sparring janglarida foydalaniladi.

Bularning barchasiga yetarli sabablar bor edi: Tayson 54 yoshda bo‘lib, u 15 yildan beri jang qilmayotgan va yaqindagina mashg‘ulotlarga kirishgandi. Jonsning holati nisbatan yaxshiroq bo‘lsa-da, oxirgi marta u 2018-yilda jangda ishtirok etgan va hozirda 51 yoshni urib qo‘ygan. Shu sababli, ikki daqiqalik raundlar bokschilarni jang boshlanishi bilan charchab qolishdan, tomoshabinlarni esa zerikarli va bir xil templi jangdan xalos bo‘lishga imkon yaratdi. Shu bilan birga, qo‘lqoplar sportchilarning sog‘lig‘ini asrashga yordam berdi.

Foto: Getty Images

Jangning pulli translyatsiyasi 50 dollarni tashkil qildi. Nima uchun bunday raqamlar yuzaga keldi, degan savolga esa quyidagi birgina izoh javob bo‘la oladi:

“Men translyatsiyani 17 yoshda bo‘lganim uchun sotib oldim, hech qachon Mayk Taysonning jangini jonli ravishda ko‘rmaganman. Endi esa men hech bo‘lmaganda uni televizorda jonli ravishda ko‘rganman deb ayta olaman. Bu yagona sabab”.

Yigitcha sarflagan pullariga deyarli afsuslanmadi, boisi haqiqat kutilganidan yaxshiroq bo‘lib chiqdi. Jangning 16 daqiqasi davomida biz nochor ahvoldan yiqilayozgan keksa kishilarni ko‘rmadik, biroq shu bilan birga raqibiga zarba berishdan qo‘rqayotgan bokschilar ham ko‘zga tashlanmadi.

Foto: Getty Images

Tayson zudlik bilan bosim o‘tkazishni boshladi, o‘z uslubini qo‘llab, masofani qisqartirishga harakat qildi. Jons esa ring markazini raqibiga berdi, ammo u xuddi eng yaxshi yillarida bo‘lgani kabi oyoqlari bilan Maykni ring bo‘ylab aylantirdi va uni “jeb”larda ushlab turishga harakat qildi. Bir necha bor Mayk juda xavfli zarbalar berdi, ular esa shundoqqina Royning jag‘i yonidan o‘tib ketardi.

Tayson yaqin masofada bo‘lganida, Jons “klinch”dan oqilona foydalandi va shu tariqa Maykning kuchini zararsizlantirdi. Jang Taysonning munosib formada ekanini ko‘rsatib berdi.

Deyarli barcha 8 raund xuddi shu ssenariy bo‘yicha o‘tdi: Mayk masofani yo‘q qilishga, Roy esa aksincha, oyoq harakatlari bilan uni o‘ziga yaqinlashtirmaslikka harakat qildi. Faqatgina jang oxiriga kelib, Jons biroz qo‘shdi (u yaxshi tezlikda bir nechta to‘g‘ri va qanot zarbalarini yo‘lladi). Tayson bu vaqt davomida Jonsni nokaut qilishga urindi, ammo Royning yuqorida qayd etilgan harakatlari bunga imkon bermadi.

Foto: Getty Images

“Bu men ko‘rgan eng yaxshi ko‘rgazmali jang”, – deb yozdi Jorj Forman jang yakunlanishi bilan. Bu borada u bilan bahslashish qiyin edi. Chunki jang haqiqiy nostalgiya hislarini bera oldi.

Durang emas, balki hakamlarning bahosidagi tarqoqlik ajablantirdi. Uchala rasmiy hakam ham litsenziyasiz sobiq Jahon chempionlari edi

Dastlab Kaliforniya shtati atletik komissiyasi bellashuvda hakamlarni ko‘rishni istamadi. Tashkilot rahbari Endi Foster jangda hisob-kitob olib borilmasligi, shunga ko‘ra g‘olib aniqlanmasligini aytgandi. Biroq u yon berishga majbur bo‘ldi, shuning uchun hakamlar professional bo‘lmasa-da tayinlandi. Hakamlar guruhidan Kristi Martin, Ched Douson va Vinni Patsiyensa o‘rin oldi.

Martin hozir 52 yoshda, u boks tarixidagi ilk eng yaxshi ayol jangchilardan biri hisoblanadi. Kristi WBC chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan, uning statistikasi esa quyidagicha, 49 g‘alaba (31 ta nokaut), 7 mag‘lubiyat va 3 durang.

Douson esa bir yil oldin o‘zi janglarda qatnashardi. Umuman olganda, u yengil vazn toifasida yaxshi natijalarga erishgan (40-5). Ched turli vaqtlarda WBC va IBF chempionlik unvonlarini qo‘lga kiritgan, shuningdek, u 2012-yilda The Ring jurnali unvonini ham qo‘lga kiritgan.

Hakamlar guruhining eng tajribali a’zosi 57 yoshli Patsiyensa edi. U ikki vazn toifasida Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. 1995-yilda esa u Roy bilan jang qilgandi. O‘shanda Jons oltinchi raundda texnik nokaut bilan g‘alaba qozongan. Vinni 2004-yilda, Mayk Taysondan bir yarim yil oldin qo‘lqoplarini mixga ilgan.

Umumiy hisobda ushbu uchlik durang natijani qayd etdi va hamma o‘z bilganicha bal qo‘ydi:

  • Kristi Martin g‘alabani Taysonga berdi – 79-73.
  • Vinni Patsiyensa g‘alabani Jonsga berdi – 80-76.
  • Ched Douson durang natijani qayt etdi – 76-76.

Raqamlar orasida shunchalik katta tafovut kuzatildiki, birinchi hakam deyarli barcha raundlarni Maykka bergan bo‘lsa, ikkinchisi Royni g‘olib deb topdi. Uchinchisi esa umuman  jangda g‘olib topilmaganini qayd etdi.

Tayson va Jons jangdan mamnun

Jang natijasini e’lon qilish ham g‘ayrioddiy kechdi: ring-diktor Maykl Baffer Tayson va Jonsni ringdan chiqarib, ulkan ekran oldiga tushirdi va shundan keyingina barchasi durang bilan tugaganligini e’lon qildi. Aynan shu yerda ulardan intervyu olindi.

Foto: Twitter

“Men hakamlarning qaroridan rozi emasman. Men Taysonni mag‘lub etdim. Albatta, men uning zarbalarini, ayniqsa tanamga urganini sezdim, biroq o‘zimni yaxshiroq harakat qildim deb o‘ylayman”, – deydi Roy Jons.

Tabiiyki, Mayk ham o‘zini g‘olib deb hisoblaydi. Faqat u buni boshqacharoq aytdi:

“O‘ylaymanki, men Jonsni mag‘lub etdim, garchi durangga rozi bo‘lsam ham. Nima uchun? Men tomoshabinlarni xursand qildim, muxlislar buni ko‘rib quvondi”.

Tayson buni yana takrorlashga tayyorligini ta’kidlagan bo‘lsa, Roy qo‘lqoplarini kichik detallarigacha namoyish qildi: ularda binafsha va sariq ranglar, raqamlar hamda Kobe Brayantning tasvirlari bor edi, chunki jang Los-Anjelesdagi “Staples Center” stadionida bo‘lib o‘tdi, u yerda esa marhum Kobining jamoasi “Leykers” uy uchrashuvlarini o‘tkazadi.

Foto: Getty Images

Har qanday holatda ham Tayson va Jons o‘rtasidagi bellashuv ushbu kuzda jahon boksidagi asosiy jangga aylandi. Ularning har ikkalasi WBC’dan Black Lives Matter kamarini qabul qildi va millionlab dollarlik gonorarga ega chiqdi (Mayk 10 million dollar olgan bo‘lsa, Roy 3 millionga ega chiqdi). Shuningdek, ular o‘z kelajagi haqida ham suhbatlashdi. Ko‘rinib turibdiki, ular hali pul ishlash va jamoatchilikni xushnud etish uchun ko‘p imkoniyatlarga ega bo‘ladi.