Ikkinchi Qorabog‘ urushida Turkiya Ozarbayjonga katta yordam ko‘rsatgani haqidagi ma’lumot jahon mediasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Bu ma’lumot qay darajada haqiqatga yaqin bo‘lishidan qat’i nazar, oxirgi yillarda Turkiya faol tashqi siyosat yuritayotgani, turli mamlakatlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatayotgani va, aksincha, ba’zi davlatlar bilan ixtilofga kirayotgani jahon diqqat markazida bo‘lib turibdi. Turkiya boy va qudratli davlat sifatida Yaqin Sharq mintaqasida liderlikka da’vo qilmoqda. U bir tomondan ba’zi davlatlarga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatsa, boshqa tomondan liderlikka da’vogar ba’zi davlatlar bilan raqobatlashmoqda.

Turkiyaning tashqi siyosati qanday marralarni zabt etishga qaratilgan? Uning maqsadlari qanday? Turkiya kapitali qaysi mintaqalarga kirib boradi? Bu kabi savollarga javob topish uchun Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert, rossiyalik siyosatshunos Mixail Magid bilan suhbatlashdik.

Foto: Mixail Magid

— Erdo‘g‘on Usmonli saltanatini tiklashni orzu qilayotgani va asosan Yaqin Sharqda faollik ko‘rsatayotgani rostmi? Uning uchun O‘rta Osiyo unchalik qiziqmasmi?

— So‘nggi o‘n yillikda Turkiya iqtisodiy va harbiy jihatdan jiddiy yuksaldi (Turkiya armiyasi kuch-qudrati bo‘yicha NATOning ikkinchi armiyasi sanaladi). Endi u Yaqin Sharq borasida ikkinchi darajali maqomda bo‘lishni istamaydi. O‘z kuch-qudratini his qilib ko‘rdi.

Lekin Erdo‘g‘onni barcha turkiy tilli hududlar qiziqtiradi. Ekspansiya masalasida Turkiya o‘ta faol. U hatto Erdo‘g‘ondan keyin ham shunday qolishi mumkin. Xossatan, Eron va Turkiyada Islom dini ta’siri susayayotgani sababidan shunday bo‘lishi mumkin. Buning o‘rniga esa tezkorlik bilan, mos ravishda fors va turk millatchiligi keladi.

— Avvallari Erdo‘g‘on “islomchi” bo‘lsa kerak deb o‘ylanardi. O‘zbekistonda ayrim “turkchi” faollar Erdo‘g‘onni yoqtirmaydi. Uni Otaturk siyosatiga va turkiylarning integratsiyasiga qarshi deb hisoblashadi. Islomiy blogerlar esa, aksincha, uni yaxshi ko‘radi. Uni Islom dinining “advokati” deb qabul qiladi. Demak, real voqelik bundan boshqacharoqmi?

— Ha, boshqacharoq. Erdo‘g‘onning elektoratidagi islomiy bazis yuvilib ketmoqda. U Milliy harakat partiyasidan bo‘lgan ultramillatchilar bilan ittifoq shaklida mamlakatni boshqarmoqda. Buning sabablaridan biri siyosiy Islom tarafdorlarining ovozi kamaygani hamdir. Hozir Turkiya siyosati tashqi ekspansiyaga asoslangan; u turli unsurlarni o‘z ichiga oladi. Bu yaxlit islomiy g‘oyalar emas, balki turli elementlardan tashkil topgan murakkab va kerak tarafga o‘zgara oladigan g‘oyalar tizimidir.

Foto: Iran Review

U sunniy mazhabiga oid islomiylik, panturkizm, turkiy millatchilik hamda neo-usmonchilik singari g‘oyalarni o‘z ichiga oladi. Barchasi ekspansiyaga qaratilgan va unsurlarning har biri ham ichki, ham tashqi siyosatga nisbatan harakatga solingan. Turkiyadagi rejim ushbu murakkab strukturaga tayangan holda turli g‘oyaviy oqimlar va siyosatchilarning, turli hudud va xalqlarning tilini topishga urinyapti.

Ularning ba’zilari bilan siyosiy Islom tilida va yana ba’zilari bilan panturkizm tilida tillashilmoqda. Bunday g‘oyaviy targ‘ibot modelidagi Erdo‘g‘on butun dunyo musulmonlarining, jumladan, Fransiya va Kashmirdagi musulmonlarning ham himoyachisi hamda turkiy birdamlik rahnamosi va Turkiyaning milliy manfaatlari himoyachisidir. Bu mozaika bo‘lib, har bir holat uchun uning u yoki bu bo‘lagidan foydalaniladi. Ekspansiyaga yo‘naltirilgan ushbu ziddiyatli, lekin amalda ish beradigan struktura Turkiyaning Liviyadan tortib Tog‘li Qorabog‘gacha bo‘lgan hududlardagi harbiy amaliyotlarini g‘oyaviy jihatdan to‘ldirib berdi.

Uning asosida Agile rejalashtirish deb nomlanadigan, epchillik yoki uddaburonlik bilan rejalashtiriladigan degan ma’noni beradigan mulohaza strukturasi yotadi. Bu yuqori texnologiyalar olamidan o‘zlashtirilgan g‘oya bo‘lib, unda ekspansiya uchun umumiy yo‘nalishdan boshqa aniq rejaning o‘zi yo‘q, chunki unda har bir yangi kashfiyot voqelikni o‘ta kuchli o‘zgartirib yuboradi va hamma narsani ham avvaldan rejalashtirishning imkoni bo‘lmaydi. Bu xoh Liviya, xoh Ozarbayjon bo‘lsin – muayyan yo‘nalishdagi har bir hujumdan keyin Yaqin Sharq va jahondagi vaziyat o‘zgaradi.

Shu sababli ham puxta o‘ylangan yirik rejaga ehtiyoj yo‘q deb qaraladi. Har bir navbatdagi qadamdan keyin ular ma’lum muddatga to‘xtaydi va keyin yuzaga kelgan real o‘zgarishlardan kelib chiqqan holda yana yangi hujumni rejalashtiradi. Har bir holatda u yoki bu hudud uchun islomiylik yoki turkchilikdan kelib chiqqan holda “kalit” topishga uriniladi.

Albatta, bu ko‘p jihatdan demagogiyadir, lekin hozircha ish beryapti. Turkiyaning navbatdagi zarba yo‘nalishi qayer bo‘lishini hech kim oldindan bilmaydi, chunki uni Turkiya rahbariyatining o‘zi ham avvaldan bilmaydi.

— Ya’ni Erdo‘g‘on uchun Turkiya muvaffaqiyatli biznes-loyihami?

— Qisman ha. Lekin yoddan chiqarmaslik joizki, turk ekspansiyasi uchun qator sabab omillari kompleksi mavjud va bu narsa Erdo‘g‘on uchun hokimiyatni tutib turish uchun ham kerak. Bu vaziyat bir necha o‘lchamga ega. Tarixiy jarayonga ko‘p qirrali voqelik sifatida qarash kerak. Bunday qarash doirasida bir-birini to‘ldiruvchi bir necha omil mavjud.

Birinchisi – iqtisodiy inqiroz. U pandemiyadan avvalroq boshlangan edi, lekin pandemiya tufayli battarlashdi. U strukturaviy iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bog‘liq. Xuddi Respublikachilar partiyasidan bo‘lgan raqiblari, ya’ni Anqara va Istanbul hokimlari singari Erdo‘g‘on ham o‘z nufuzini hozirgacha saqlab qolayotgan bo‘lsa, buning sababi turklarning tashqi ekspansiyasi mamlakat ichkarisida ma’qullanayotgani bilan bog‘liqdir. Bu televizor va muzlatgich urushidir.

Foto: Al-Monitor

Tashqi xurujlar vositasida Erdo‘g‘on quyi ijtimoiy qatlamlar va biznesning bir qismi orasidagi noroziliklarni kompensatsiyalamoqda. Uning xorijdagi harbiy amaliyotlari ma’qullanyapti. Masalan, Turkiyaning Liviyadagi harbiy harakatlarini turklarning 60 foiz qismi qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, Suriyadagi kurdlarga qarshi harbiy amaliyotlarini 70 foiz aholi ma’qullagan edi.

Erdo‘g‘onning nufuzini oshirish va ijtimoiy noroziliklarni kompensatsiya qilish usuli sifatidagi bunday strategiyaning tanlanishi Turkiyada kuzatilayotgan yana bir fundamental jarayon – islomiylikning susayishi va yuzaga kelayotgan chuqur demografik o‘zgarish bilan ham bog‘liq. Megapolislarda katta bo‘lgan yosh avlod unchalik dindor emas va tobora millatchiroq bo‘lib boryapti. Ularning ko‘pchiligi tashqi ekspansiyani yoqlaydi.

2015-yilda Erdo‘g‘on parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinni yo‘qotishiga, shu jumladan, islomiy bazani yuvib tashlagani ham sabab bo‘ldi. U Milliy harakat partiyasidagi ultramillatchilar bilan koalitsiya tuzishiga to‘g‘ri keldi. Bu esa uning siyosatiga ta’sir ko‘rsatdi va unda turk millatchiligi yaqqolroq namoyon bo‘la boshladi.

Keyingi omil – armiya. 2016-yilda harbiy to‘ntarishga urinish sodir bo‘ldi. Umuman, Turkiyada armiya tarixan katta ahamiyat kasb etib kelgan. Erdo‘g‘on esa buni qanday o‘zgartirish yo‘lini o‘ylab topdi. U armiyani tashqi ekspansiyaga yo‘lladi.

Endi kazarmada o‘tirishdan yoki, gap generallar haqida bo‘lsa, o‘z villasida o‘tirib, bekorchilikdan fitnalar to‘qishdan ko‘ra armiya Liviyada, Suriyada, Iroq shimolida va Ozarbayjonda – jami to‘rt yo‘nalishda kurash olib bormoqda. Beshinchisi – turk harbiy dengiz kuchlari va harbiy havo kuchlari Sharqiy O‘rta Yer dengizidagi gaz resurslari uchun Yunoniston bilan ziddiyatlarda ishtirok etyapti (lekin u yerda hali hech kim o‘t ochgani yo‘q).

Zobitlar bu ishlarga sho‘ng‘ib ketdi. Yosh harbiylar muvaffaqiyatli karyera qilyapti. Armiyaga yog‘ilayotgan moliyaviy resurslar mavjud. Harbiy korxonalar odatda generallarning qarindoshlari tomonidan boshqariladi va ularga ham davlat moliyalashtirilishi bilan tilla yomg‘iri yog‘moqda. Turkiya qudratli harbiy sanoat kompleksini barpo etdi va endilikda harbiy texnikaning 80 foizgacha bo‘lgan qismini o‘zi uchun o‘zi ishlab chiqarmoqda.

Armiyaning ko‘ngli to‘q, u fuqarolik sohalari bilan hamkorlik qilyapti va hozirda to‘ntarishlarga vaqti yo‘q, uni hamma narsa qanoatlantirmoqda. Erdo‘g‘on hukumati esa armiyani kuzatib turibdi va ba’zan “Moviy vatan” turk harbiy-dengiz doktrinasi muallifi bo‘lgan Jihod Yoychi singari o‘ta faol va ko‘zga tashlanuvchan generallarni iste’foga chiqarmoqda. NATOning qudrat jihatdan ikkinchi armiyasi bo‘lgani sababli ekspansiya anchayin muvaffaqiyatli boryapti.

Foto: Anadolu

Nihoyat, turk ekspansiyasiga Turkiyaning iqtisodiy va harbiy sanoat qudratining ortishi mahsuli sifatida qarash mumkin. So‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilgan iqtisodiy modernizatsiya evaziga Turkiya keskin kuchaydi. Bu esa davlat va biznes elitasidagilarni tashqarida ham turk ta’sirini oshirishga undamoqda. “Imkoniyat bor ekan, nega harakat qilmaslik kerak?”, qabilida o‘ylamoqda ular.

— Demak, Erdo‘g‘on bizdagi diniy qatlam tasavvur qilayotganidek aholini islomlashtirmayapti, balki mohiyatan aholining kayfiyatiga moslashmoqda xolos, shundaymi?

— Bu holatga dialektik nuqtayi nazardan qarash kerak. Erdo‘g‘on ma’lum ma’noda mamlakatni asta-sekin islomiylashtirdi. U maktablarga sunniy mazhabi kurslarini kiritdi, universitetlardagi diniy ta’limni rivojlantirmoqda, ayollar ro‘mol o‘rashiga imkon berdi. Boshqa tarafdan, islomiy oqimlar susayayotgani va aholining qishloqlardan katta megapolislarga ko‘chib o‘tishi asnosida an’anaviy islomiy bazaning kuchsizlanib borayotganini ko‘rgach Erdo‘g‘on borgan sari millatchilik va harbiy ekspansiyaga ko‘proq ahamiyat qaratmoqda. Lekin yana takrorlayman, bu – mozaikali, oson o‘zgaruvchan ideologiya bo‘lib, islomiylik, turk millatchiligi va neo-usmoniylik yo‘nalishlarini sintez qilgan.

Bundan tashqari, turk millatchiligining ko‘lami juda keng. U Islom ta’sirini susaytirgan tarzda o‘zi yanada kuchaymoqda. Erdo‘g‘onning raqiblari yoki undan keyin keladigan izdoshlari bo‘lmish o‘z partiyadoshlari ham (masalan, Sulaymon So‘yli) va partiyadan tashqaridagilar (masalan, milliy-respublikachi, Anqara hokimi Mansur Yovosh) ham o‘ta millatchi shaxslardir.

Muxolifatdagi Milliy-liberal partiya yetakchisi Meral Aqshener ham turk millatchisi bo‘lib, ularning barchasi Erdo‘g‘on yuritayotgan millatchilikka asoslangan kun tartibini ilib olishga intiladi. Bu esa Erdo‘g‘on ketganidan keyin ham Turkiya faol tashqi siyosatni saqlab qolishi ehtimolini bildiradi. Bundan tashqari, bunday siyosatni armiya va harbiy sanoat kompleksi hamda yirik biznes va muhim davlat institutlaridan iborat bir necha moliyaviy guruh kuchli qo‘llab-quvvatlaydi.

— Nega ko‘pchilik yordamga Yevropani emas, aynan Turkiyani chaqiradi? Nega Yevropadan yordam olish bu qadar qiyin? Turkiya, Rossiya kabi davlatlar tezda yordamga kelib, Yevropaning ta’sir zonalarini olib qo‘yayotganini nahotki Bryussel payqamayotgan bo‘lsa?

— Yevropani ham chaqirishadi. Masala boshqa yoqda: Yevropa kimnidir haqiqatan ham himoya qila oladimi?

Foto: Daily Sabah

Mana, Yevropa hozir Armanistonni himoya qilmadi. Avvalroq Ukrainani ham himoya qilmagandi. Undan ham avval, 2008-yilda Gruziyani ham himoya qilmagan. Bu mamlakatlar Yevropaning ko‘mak ko‘rsatishiga umid qilgandi. Yevropa investitsiya va texnologiyalari bilan qiziqroq. Lekin turklar haqiqiy ma’nodagi himoya qalqonini beradi.

Hozir Ozarbayjon ular bilan birga g‘alaba qildi. Shuningdek, Turkiya va Ukrainadan iborat strategik alyans shakllanmoqda. O‘ylashimcha, vaqti kelib Gruziya ham unga qo‘shiladi. Albatta, bu narsa mamlakatning ko‘p vektorli siyosatidan iborat bo‘ladi va u jahonning turli qudratli davlatlari bilan hamkorlikka qaratilgan bo‘ladi. Lekin baribir endi Turkiya Ozarbayjon, Ukraina va kelajakda, ehtimol, Gruziyaning ham tashqi siyosatida borgan sari muhim ahamiyat egallab boradi.

Yevropa: “Biz chuqur tashvishdamiz...” deydi, turklar esa “Xotirjam bo‘ling, biz muammoni tushundik. Hozir Bayraktar’larni ko‘taramiz, arman armiyasini yo‘q deb hisoblayvering, u haqda unuting”, deydi. Albatta, buning barchasi shunchaki qilib berilmaydi, buning evaziga harbiy kooperatsiya, turk qo‘shinlarining joylashtirilishi, iqtisodiy ittifoq va hokazolar talab etiladi.

— Erdo‘g‘on uchun bunday siyosat qanchalik muvaffaqiyatli?

— Erdo‘g‘on siyosatida uchta jiddiy muammo mavjud.

Birinchidan, tashqi kuchlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bunday siyosat tufayli Turkiyaga dushmanlik kayfiyatidagilarning kuchli alyansi yuzaga keldi. Turkiyaning Liviyadagi gaz konlari uchun kurash qizigan Sharqiy O‘rta Yer dengizidagi ekspansiyasiga qarshi Yunoniston, Fransiya, Misr, BAA va ma’lum ma’noda Saudiya birlashyapti. Isroil va Rossiya ham o‘ziga xos sabablari bilan endilikda Turkiyaning tashqi ekspansiya ko‘lamidan xavotirga tushib qoldi va borgan sari aksilturk pozitsiyasini namoyon qilgan holda turklarga qarshi alyans bilan yanada yaqinroq bo‘lishga harakat qilyapti. Bu Turkiya qarshisiga ko‘p sonli to‘siqlarni qo‘yadi va keng miqyosli harbiy mojarolar xatarini yuzaga keltiradi.

Ikkinchidan, Turkiyaning ichkarisida ham Erdo‘g‘onning o‘zi va uning keyingi izdoshlari uchun katta muammo mavjud. Bu muammoni bir so‘z bilan ifodalasa bo‘ladi – kurdlar. Gap shundaki, Turkiyadagi kurdlar soni 10 milliondan 20 milliongacha bo‘lib, aholining chorak qismini tashkil qiladi. Eng asosiysi, ularning soni ortib bormoqda. Kurdlardagi o‘rtacha tug‘ilish darajasi turklarnikidan 60 foizgacha baland. Ahvol shunday davom etsa, bir necha o‘n yillikdan keyin Turkiya Kurdistonga aylanadi.

Kurdlarning maktablarda kurd tilida dars berilishi va mahalliy muxtoriyatlar tashkil qilinishi singari haq-huquqlari turk hukumatidagi kuchli millatchilik tomonidan poymol qilinishi (kurd siyosatchilari, hokimlari va faollarining ommaviy hibsga olinishi) ketidan Turkiya dahshatli fuqarolar urushi komiga tushib qolishi mumkin va uning ayrim elementlarini biz hozirdanoq ko‘rib turibmiz (Kurdiston ishchi partiyasi partizanlari doimiy ravishda Turkiya ichkarisida amaliyotlar o‘tkazib turibdi). Bu holda Turkiyaning boshiga ham Suriyaning kuni tushishi mumkin.

Foto: Anadolu

Nihoyat, turk tashqi ekspansiyasi juda qimmatga tushadigan jarayondir. O‘zi zamonaviy urushlar juda qimmat turadi. Gap faqat urushga ketadigan moliyaviy xarajatda ham emas. Turkiyaning Yevropa bilan ziddiyatlari allaqachon cheklov va sanksiyalarga sabab bo‘ldi. Bilamizki, Turkiya iqtisodiyoti Yevropa bozori investorlariga jiddiy bog‘liqdir. Bunday tashqi siyosat Turkiya iqtisodiyotini izdan chiqarishi va quyi ijtimoiy qatlamlardagi ishchilarning kuchli ijtimoiy-sinfiy noroziliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Turkiya sanoatlashtirish davrida yetilib chiqqan anchayin faol va harakatchan ishchilar sinfiga ega mamlakatdir va bu qatlam vaqti-vaqti bilan tishlarini qayrab turadi. Buni ham yoddan chiqarmaslik kerak.

Shu tariqa, Turkiyaning faol ekspansiyasi Turkiyadagi rejim uchun xavfli jihatlarga ham ega bo‘lib, bu u uchun qimmatga tushishi mumkin.

Asanov Eldar suhbatlashdi.