Braziliyaning San-Paulo shahrida Carrefour supermarketlar tarmog‘i ikki qo‘riqchisi qora tanli odamni urib o‘ldirganligi tufayli namoyishchilar ushbu do‘konga hujum qildi, deb xabar bermoqda “RBK”, Diario de Pernambuco’ga tayanib.

Foto: Reuters

Qayd etilishicha, namoyishchilar supermarketga tosh otgan va uni ichkaridan vayron qilgan. Shuningdek, do‘kon yaqinida turgan mashinalar ham zarar ko‘rgan. Politsiya hozircha vaziyatga aralashmayapti.

Voqea joyidan olingan video Braziliyaning G1 telekanali tomonidan e’lon qilingan. Unda odamlar supermarketdagi oziq-ovqatni sochayotgani va peshtaxtalarga o‘t qo‘yayotgani aks etgan.

Foto: Anna News

Namoyishlarni qo‘zg‘atgan voqea 20-noyabr kuni Porto-Alegrdagi Carrefour supermarketida sodir bo‘lgan. 40 yoshli Joao Silveira bilan do‘kon xaridorlaridan biri o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan, xaridor ayol chaqiruviga ko‘ra yetib kelgan ikki qo‘riqchi unga tashlangan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, shifokorlar Joao Silveira bo‘g'ib o‘ldirishdan vafot etganini ma’lum qilgan.

Guvohlar ijtimoiy tarmoqlarga qo‘riqchilar marhumni kaltaklagani aks etgan videoni joylaganidan so‘ng Carrefour supermarketlar tarmog‘i voqea uchun uzr so‘ragan. Shuningdek, ushbu hodisaga aloqador xodimlar ishdan bo‘shatilishini xabar qilgan. Bundan tashqari, kompaniya vakili Silveira oilasiga barcha kerakli yordamni ko‘rsatishga va’da bergan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning may oyida AQShda qora tanli amerikalik Jorj Floyd politsiya tomonidan hibsga olinayotganda o‘ldirilgandi. Buning ortidan mamlakat bo‘ylab huquq tartibot organlari shafqatsizligi va irqiy tengsizlikka qarshi ommaviy norozilik namoyishlari avj oldi va Black Lives Matter (“Qora tanlilarning hayoti muhim”) harakati paydo bo‘ldi. Braziliyadagi kabi AQShda ham noroziliklar fonida tartibsizliklar boshlangan, politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuv ham bo‘lgandi.