O‘zbekiston mobil shifoxona barpo etish uchun Qirg‘izistonga ixtisoslashtirilgan shifoxona konteynerlarining ikkinchi partiyasi yetkazib berdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ

Ma’lum qilinishicha, 200 o‘ringa mo‘ljallangan 40 ta shifoxona konteynerlar ortilgan poyezd “Bishkek-1” temiryo‘l stansiyasiga yetib borgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi Husnutdin Hasilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasini Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili va “Qirg‘iz temir joli” davlat korxonasi bosh direktori kutib olgan.

Foto: “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ

Uchrashuv davomida Husnutdin Hasilov hamda “Qirg‘iz temir joli” davlat korxonasi bosh direktori o‘zaro hamkorlik va ikki davlat temiryo‘llarini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgan.

Avvalroq O‘zbekiston Qirg‘izistonga tibbiyot vositalari va 3 ming tonna bug‘doy, shuningdek, 200 koyka-o‘ringa mo‘ljallangan tibbiyot konteynerlarini yuborgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 14-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev telefon orqali Sadir Japarov bilan strategik sheriklik munosabatlarini muhokama qilgandi. Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qirg‘izistonning barqaror rivojlanish yo‘lidagi intilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Qirg‘izistonga 2020-yilning aprelmayiyul oylarida ham insonparvarlik yordami jo‘natgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyati Qirg‘izistonning Botken viloyatiga insonparvarlik yordami yuborgandi. Avgust oyida esa O‘zbekiston Qirg‘izistonga 560 ming dollarlik insonparvarlik yordami jo‘natgandi.