Narpay tuman hokimligida xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tuman hokimi Botir Jabborov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 21-noyabr kuni o‘tkazilayotgan sessiya kun tartibida tashkiliy masala ko‘rilmoqda. Botir Jabborov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan tuman hokimi lavozimidan ozod etilgan.
Shu sababli deputatlar tomonidan tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Sherzod Rahmonov nomzodi tasdiqlangan.
Ma’lumot uchun, Botir Jabborov 2017-yildan buyon Samarqand viloyati Narpay tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgandi. Avvalroq tuman hokimligi 398 million so‘mga Trailblazer sotib olgani ma’lum bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyining o‘zida respublikaning qator tuman va shaharlariga yangi hokimlar tayinlandi. Xususan, Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak va Chimboy tumaniga, Nukus shahriga, Denov tumaniga, Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri, Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumaniga yangi hokimlar tayinlangan.
Izoh (0)