Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Priti Patel axloq kodeksini buzgan va vazirlar mahkamasi a’zolariga qo‘yiladigan standartlarga rioya qilmagan. Britaniya hukumati olib borgan tekshiruv shunday natija berdi, deb yozadi “RBK” The Times’ga tayanib.

Priti Patel

Foto: Getty Images

Vazirlarga xos standartlar bo‘yicha maslahatchi Aleks Allan rahbarligi ostidagi tekshiruv OAVlarda Patelning ish jarayonida o‘z qo‘li ostidagilarni qo‘rqitishi, kamsitishi va asossiz aybsitishi haqida ayblovlar paydo bo‘lgach boshlangan. Xususan, bayon qilingan bir voqeada aytilishicha, chetga mol chiqarib ketadigan aviareysning uchishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tuni bilan ishlagan IIV xodimlaridan biri vazir bilan suhbatdan keyin hushini yo‘qotgan.

Patelga nisbatan ayblovlar oqibatida IIV muntazam kotibi Filip Rutnem iste’foga chiqarildi, keyinroq u asossiz ishdan bo‘shatilishi yuzasidan hukumatni sudga berdi.

Aleks Allanning hisobotida aytilishicha, Patelning xatti-harakatlari tahqirlash degan ta’rifga mos tushadi.

Ta’kidlanishicha, 20-noyabr kuni bosh vazir Boris Jonson ichki ishlar vazirini himoya qilib nutq so‘zlaydi, uning o‘zi esa “oliy xulq standartlari”ni buzganligi uchun uzr so‘raydi. Qayd etilishicha, hukumat rahbari vazirni iste’foga chiqarishga chaqirmaydi, uni oqlash sifatida esa Patelning xatti-harakatlari qasddan bo‘lmaganini aytadi. Bosh vazir, shuningdek, ichki ishlar vazirining qo‘l ostidagi xodimlarni bularning barchasi jamoatga oshkor bo‘lguniga qadar o‘z ayblovlarini aytmagani uchun tanqid qilib gapirmoqchi.

The Times suhbatlashgan ekspertlar aytishicha, Jonsonning Patelni oqlashga urinishlari uning obro‘siga putur yetkazishi mumkin, chunki bosh vazir vazirlar kodeksiga rioya qilish bo‘yicha hakam bo‘lib xizmat qiladi.

2020-yil yozida Opium tadqiqot markazi Jonsonning aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi reytingi rekord darajada pasayib, 37 foizni tashkil qilganini ma’lum qilgan edi. Aprel o‘rtalaridan buyon u 17 foizga pasaygan.

Bosh vazir reytingining tushishini tadqiqot mualliflari aholining koronavirus pandemiyasi davrida hukumatning xatti-harakatlaridan noroziligiga bog‘lamoqda. So‘rovda qatnashgan britaniyaliklarning yarmi hukumat koronavirus keltirib chiqargan inqirozga sust munosabat ko‘rsatdi, deb hisoblaydi.