Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida otasining mashinasini boshqargan 10-sinf o‘quvchisi ikki voyaga yetmagan piyodani urib yubordi, deya xabar qiladi YHXBB.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 13-noyabr kuni soat 19:45 larda Sharof Rashidov tumani “Qorayantoq” MFY Tinchlik ko‘chasi shu tumanida yashovchi 2004-yilda tug‘ilgan tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 30-sonli umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi otasiga tegishli “VAZ-2121” avtomashinasida harakatlanib ketayotib, yo‘lni kesib o‘tayotgan voyaga yetmagan piyodalarni urib yuborgan.

Oqibatda ushbu hodisada jabrlanganlar Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Jizzax filialiga yetkazilgan. YTHni sodir etgan shaxs voqea joyidan qochib ketgan.

Kelgusida shunday YTHlarning oldini olish maqsadida Jizzax viloyati IIB YHXB tuman IIB xodimlari tomonidan sodir etilgan hodisa yuzasidan 400 kishi qatnashgan kengaytirilgan muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Avvalroq Popda Lacetti’ning Damas’ga urilishi oqibatida bir kishi vafot etgani, Toyloqda yuqori tezlikda harakatlangan Nexia haydovchisi rul boshqaruvini yo‘qotib, beton to‘siqqa urilgani hamda Farg‘onada Spark daraxtga urilishi natijasida haydovchi va yo‘lovchi vafot etgani haqida xabar qilingandi.