Madridning “Real” klubi va Germaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Toni Kroos Yevropa Premyer Ligasini tashkil qilish haqidagi xabarlarga sharh berdi.
“Bunday yangi g‘oyalar chiqavergach, biz bor-yo‘g‘i FIFA va UEFA qo‘lidagi qo‘g‘irchoq ekanimiz xayolga keladi. Bu kabi musobaqalar futbolchilarning bor kuchini so‘rib olish evaziga iloji boricha ko‘proq pul ishlash maqsadida yaratiladi. Ma’lum narsalar yaxshi ishlab turgan vaqtda, ularni o‘z xolida qoldirgan ma’qul”, — deydi Kroos.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa kuchli beshlik ligalarining o‘ndan ortiq klubi Yevropa Premyer Ligasi nomi ostida yangi musobaqa tashkil qilishga urinayotgani haqida xabarlar yangragandi. Tashkilotchilar musobaqani FIFA tasnifi ostida 2022-yildayoq yo‘lga qo‘ymoqchi ekani aytilgandi. Unda 16-18 ta jamoa ishtirok etishi kutilmoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!