Qozog‘istonning Ulitau viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari reyd davomida 16 nafar O‘zbekiston va Tojikiston fuqarosining noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganini aniqlab, ularni deportatsiya qildi. Bu haqda “Polisia.kz” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ulardan yetti nafari O‘zbekiston, to‘qqiz nafari Tojikiston fuqarolari hisoblanadi. Ular Satpayev shahrida tegishli ruxsatnoma va hujjatlarsiz ishlab kelgani aniqlangan.
“Chet el fuqarolari Satpayev shahrida noqonuniy ishlab, ma’muriy javobgarlikka tortilib, sud qarori bilan belgilangan talablarni bajarmasdan, Qozog‘istonning migratsiya sohasidagi qonunchiligini buzgan”, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Tojikistonning ikki nafar fuqarosi Olmaota shahar sudi tomonidan chiqarilgan qaror talablarini bajarmay, javobgarlikdan bo‘yin tovlagani ma’lum bo‘lgan. Xorijiy fuqarolarni noqonuniy mehnat faoliyatiga jalb qilgan ish beruvchilar ham qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilgan.
“Qonun va tartibni taʼminlash maqsadida barcha xorijiy fuqarolar mamlakat hududidan majburan chiqarib yuborildi”, — deya xulosa qildi politsiya.
Izoh (0)