Toshkent shahri chorrahalariga Shveysariya kompaniyasi tomonidan o‘rnatilgan qoidabuzarliklarni qayd etuvchi videokuzatuv moslamalarining litsenziyasi tugagani to‘g‘risida xabar berilgandi. “Kun.uz”ning IIV YHXBB mas’ul xodimiga tayanib yozishicha, kameralarga litsenziyalar muayyan muddatga emas, balki umrbod berilgan.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Murodov Aleksey Xenning chorrahalarga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalarining litsenziyasi tugagani haqidagi so‘zlarini rad etgan.

“Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, qoidabuzarliklar sonini kamaytirish maqsadida Toshkent shahridagi ko‘chalar va chorrahalarga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining litsenziyasi tugamagan. Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining yigirma beshinchi sessiyasining videosini men ham ko‘rdim. Ma’ruzachi so‘zni noto‘g‘ri qo‘llagan, hozir qanday uskuna sotib olsangiz, litsenziya 1-2 yilgamas, umrbod beriladi.

Ayni paytda qoidabuzarliklarni aniqlovchi videokuzatuv tizimi modernizatsiya qilinmoqda. Vaqtida bu kameralarni sotib olganmiz, endi ularni tashlab yubormaymiz-ku! Deylik, uch yil oldin kompyuter sotib olgansiz. O‘shanda unga Windows 10 operatsion tizimi o‘rnatilgan. Oradan uch-to‘rt yil o‘tgach, uni tashlab yubormaysiz-ku, to‘g‘rimi? Operatsion tizimini yangilaysiz, qayta o‘rnatasiz. Xuddi shunday kameralarning ham dasturiy ta’minotini yangilayapmiz.

Aslida, men Raqamli rivojlanish departamenti rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga izoh berayotganimdan xijolatdaman. Agar sessiyada YHXBB vakili qatnashganda aslida jarayon qanday kechayotgani, nimalar o‘zgarishi, nimalar o‘z holicha qolishi haqida hech qanday savollarga o‘rin qoldirmaydigan qilib taqdimot qilgan bo‘lardi. Bu jarayonda birgina yanglish ma’lumot tufayli shuncha savol kelib chiqmoqda. Kameralar ayni paytda ishlab turibdi, litsenziya muddati tugagani yo‘q. Shunchaki oradan ikki yarim yil o‘tgani uchun ularning dasturiy ta’minoti yangilanmoqda. Har qanday dasturiy ta’minot vaqti-vaqti bilan yangilab turiladi”, – deydi Shuhrat Murodov.

IVV rasmiysi yangi dasturiy ta’minot mahalliy ishlab chiqaruvchining mahsuloti ekani yo‘l harakati qoidalarini aniqlash va jarimaga tortish tizimiga hech qanday tashqi omil ta’sir ko‘rsata olmasligini aytib o‘tgan.

Shuningdek, u Shveysariya kompaniyasi bilan kelishuv necha yilga mo‘ljallangani, hamkorlik qaysi sabablarga ko‘ra to‘xtatilgani, dasturiy ta’minotni yangilash uchun nima uchun aynan Abl-soft kompaniyasi tanlab olingani bo‘yicha izoh bera olmasligini, bu xususda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti javob berishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yil mart oyida Toshkent shahridagi chorrahalarda kuzatuv kameralari ishga tushirilgan va 36 soat ichida 10 mingdan ziyod qoidabuzarliklarni qayd etgandi.