Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzayev internetda shov-shuv bo‘lgan Chiroqchidagi maktab holati haqida gapirib, viloyatdagi barcha maktab filiallarini o‘rganish kerakligini bildirdi. Bu haqda Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida ma’lum qilindi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

“Yondashuvni o‘zgartirishimiz kerak. Men sessiya qarori bilan barcha deputatlar birikib, viloyatdagi maktab filiallarini o‘rganib chiqishni taklif qilaman. Xalq ta’limidan, ota-onalardan vakillar olib, ko‘raylik, o‘rganaylik va o‘sha qishloqqa filial kerakmi yoki yo‘qmi degan savolga javob topaylik. Kerakligi ma’lum bo‘lsa, demak, o‘sha filial hammaga kerak”, — dedi viloyat hokimi Zoir Mirzayev.

Zoir Mirzayevning ma’lumot berishicha, viloyatda 1176 ta maktab bo‘lib, shu maktablarning 300 dan ortiq filiali mavjud. Filiallarning 274 tasida kadastr hujjati yo‘q. Mavjud maktablarning 40 foizdan ortig‘i ta’mirtalab, qo‘shimcha bino qurishga muhtoj.

Viloyat hokimi xalq ta’limi mas’ullariga mavjud muammolardan jamoatchilikni xabardor qilib, “Bizda mana bunday avariya holatidagi maktab bor, mana bunday avariya holatidagi sinfxona hamda sport zal bor deb” aytish kerakligini bildirdi.

“Men viloyat rahbari sifatida yaxshi bilaman. Viloyatimizdagi 234 ta maktabda isitish tizimi yo‘q. Shu sabab mavjud muammolarni hal qilish uchun 17 milliard so‘m zarurligini bilib, Xalq deputatlari viloyat kengashi qaroriga ko‘ra 9,5 milliard so‘mni shu maktablar uchun berdik. Shu mablag‘ hisobidan bu yil 116 ta maktabning ‘otopleniye’ yangilanadi”, — dedi hokim.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Sessiyada aniqlik kiritilishicha, viloyatdagi mavjud maktablarning 320 tasidagina sport zal mavjud.

“Maktablarimizning 30 foizida ham sport zal yo‘q ekan-ku. Bugun bu narsa ko‘tarilgan bo‘lsa, ertaga sport zal muammosi ham ko‘tariladi. Nechta maktabda kompyuter xonasi yo‘q, nechta maktabda ingliz tili fani o‘qituvchisi yetishmaydi, bu muammolar ham ko‘rsatilishi tayin. Shuning uchun aniq-hisob kitob qilib, ma’lumot bering. Biz shu muammoga yechim izlaylik”, — dedi Zoir Mirzayev.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Viloyat rahbari mas’ullarning Oliy ta’lim muassasasini xorijiy tillar mutaxassisligi bo‘yicha tugatayotgan qashqadaryolik bitiruvchilar haqida ma’lumoti bor-yo‘qligi bilan qiziqib, “Nega har yili institutdan yetarli darajada mutaxassislar yetishib chiqsa-da, haligacha bizda o‘qituvchi yetishmasligi bor?, — dedi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyatning Chiroqchi tumanidagi 61-maktabning qo‘rqinchli sinfxonalari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Voqealar ortidan tushgan OAV vakillari mazkur sinfxonalarda ikki yil davomida o‘quvchilarga ta’lim berilganini fosh qildi. Voqealar xabar topgan viloyat hokimi Zoir Mirzayev esa, sinfxonalarga o‘tin kiritib, jamoatchilikni aldagan maktab direktorini vazifasiga noloyiq deb atadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Kreml Putinning “safarbar etilganlarning onalari” bilan uchrashuvini qanday tashkillashtirgani ma’lum bo‘ldi
Mahalliy
O‘zbekistonning bir qator hududlarida 4-dekabr kuni qor yog‘adi
Sport
Jerdan Shakiri Messi va Ronalduga yetib oldi