Xalq orasida “Dilmurod patir” nomi bilan mashhur bo‘lgan namanganlik Murodjon Siddiqov 63 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Siddiqovlar oilasi fotoarxividan

Murodjon Siddiqov novvoylik faoliyatini 18 yoshidan boshlagan. 1992-yilda o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Pop tumanining G‘urumsaroy qishlog‘ida patir bozoriga asos solgan.

Hozirda bu bozorda 100 ga yaqin non rastasi joylashgan. U kishining o‘zi keyinchalik 50 nafardan ortiq shogird chiqargan.

“Dilmurod patir” nomi muhrlangan nonlar nafaqat O‘zbekiston, balki Janubiy Koreya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, AQSh, Yangi Zelandiya, Turkiya kabi davlatlarda ham sevib iste’mol qilinadigan brendga aylanib ulgurdi. Ayni paytda bir kunda 70-80 qop undan yopilgan nonlar sotuvga chiqariladi.

Foto: Siddiqovlar oilasi fotoarxividan

Murodjon Siddiqov sinovli kunlarda ehtiyojmand oilalarga beminnat ko‘rsatgan yordami uchun Prezident farmoni bilan ta’sis etilgan “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandi.