O‘zbekistonda korxona va tashkilot xodimlariga to‘lanadigan o‘rtacha oylik  ish haqi deyarli o‘sishdan to‘xtadi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining yanvar—sentabr oyi bo‘yicha taqdim etgan ma’lumotlarida keltirilgan.

Foto: “Daryo”

Yuridik shaxslarda ishlovchi xodimlarning aksariyatiga (41,5 foiziga) 1,3 million so‘mdan 2 million so‘mgacha o‘rtacha oylik ish haqi to‘langan. 17,5 foiziga 679,3 ming so‘mdan 1,3 million so‘mgacha, 15,4 foiziga esa — 2 milliondan 2,7 million so‘mgacha o‘rtacha oylik nominal ish haqi hisoblanganligi kuzatilgan.

Shu bilan birga, korxona va tashkilotlarda o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori 34,5 million so‘mni tashkil etganligi qayd etilgan. Qo‘mita bu qaysi pozitsiyaga tegishli ekanligiga izoh bermagan.

Ta’kidlash kerakki, bu qo‘lga tegadigan oylik maosh emas. O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi bir qancha omillar asosida hisoblanadi: hududda ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar soni, ish haqi fondi, xodimlar soni. Bu qishloq xo‘jaligi va kichik biznesni o‘z ichiga olmaydi.

O‘tgan to‘qqiz oy ichida o‘rtacha ish haqining o‘sishi 2019-yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada pasaygan:

Skrinshot: Davlat statistika qo‘mitasi

Shuningdek, o‘rtacha oylik ish haqi 1 million va 5,5 million so‘mdan ko‘p bo‘lgan xodimlar soni ortgan. Mos ravishda 1,77 million kishi (1,76 million edi) hamda 239 553 kishini (184 858 edi) tashkil etmoqda.

Qolgan yo‘nalishlarda qisqarish kuzatilgan:

  • 1-2 million so‘m oralig‘idagilar — 1 million kishi (1,1 million edi);
  • 2-4 million so‘m oluvchilar — 887,9 ming kishi (911 ming edi);
  • 4-5,5 million so‘m oluvchilar — 194,8 ming kishi (198,6 ming edi).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bo‘yicha 2020-yilning yanvar—iyun oylarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,5 million so‘mni tashkil etib, 2019-yilning mos davriga nisbatan 21,6 foizga oshgan.