Ispaniya chempionati 7-turining markaziy o‘yini Kataloniya poytaxtidagi “Kamp Nou” stadionida bo‘lib o‘tadi. Unda “Barselona” Madridning “Real” jamoasini qabul qiladi.

“El-Klasiko” nomini olgan mazkur to‘qnashuv futbol olamida eng ko‘p kutiladigan birinchi raqamli o‘yin hisoblanadi. Biroq bu safargi bellashuvni bunday deb atash biroz noo‘rindek. Ikki jamoa ham qator muammolarga ega va o‘z muxlislarini qattiq xavotirga solmoqda.

Jamoalar holati haqida

“Barselona” bu o‘yinga qadar to‘rtta uchrashuvda bor-yo‘g‘i yetti ochko to‘play oldi. Shuning evaziga katalonlar musobaqa jadvalining 9-pog‘onasida bormoqda. Ronald Kuman jamoasi so‘nggi turda safarda “Xetafe”ga imkoniyatni boy berdi (0:1).

“Real” ham o‘z navbatida Primerada beshta o‘yin o‘tkazib, o‘n ochko to‘pladi va hozircha uchinchi pog‘onani egallab turibdi. Zinedin Zidan shogirdlari uchun ham o‘tgan tur, umuman ortda qolgan hafta qo‘rqinchli tushdek o‘tdi. “Qaymoqranglilar” o‘z uyida La Liga debyutanti “Kadis”ga imkoniyatni boy bergach (0:1), hafta o‘rtasida “Shaxtyor”ga yengildi (2:3).

Foro: Twitter

Bu mag‘lubiyatlardan keyin “Real” futbolchilarining emotsional holatini kuzatish qiziq bo‘ladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham Madrid shahri jamoasiga ko‘plab tajribali o‘yinchilar yig‘ilgan.

“Barselona”da ham hammasi joyida emas. OAVda jamoa ichki muhitida hali ham muammolar borligi qayta-qayta yangramoqda. Avvalroq ayrim futbolchilarga maosh kamaytirilgan holda yangi bitimlar taklif etilgani boshqa o‘yinchilarga ma’lum kelmagani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Yo‘qotishlar

Tarkibdagi yo‘qotishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Kuman bu o‘yinda darvozabon Mark-Andre ter Shtegen xizmatidan foydalana olmaydi. Xordi Alba esa jarohatidan forig‘ bo‘lgan, biroq tajribali himoyachi asosiy tarkibdan joy olmasa kerak.

“Real” esa muammolar yetarli. Odatdagidek Eden Azar qaydnomada yo‘q, o‘ng qanot himoyasi vakillari Karvaxal va Odriosola ham “Real”ga yordam bera olmaydi. Shuningdek, Martin Edegor va Mariano Diasda ham jarohat bor.

Statistika va faktlar:

  • Bu ikki jamoaning Ispaniya chempionati doirasidagi o‘zaro 244-uchrashuvi. Hozircha o‘zaro qarama-qarshilikda mutlaqo tenglik kuzatilmoqda — 96 tadan g‘alaba va 52 durang;
  • “Barselona” La Liga doirasidagi so‘nggi 33 uy o‘yinining 32 tasida mag‘lub bo‘lmadi;
  • “Real” Primerada ketma-ket 8 safar o‘yinidan buyon yutqazmayapti;
  • Bu klasikolar tarixida tomoshabinlarsiz o‘tadigan ilk o‘yin bo‘ladi.

Foto: Goal

Taxminiy tarkiblar:

“Barselona”: Neto, Serjinyo Dest, Kleman Langle, Xerard Pike, Serxi Roberto, Serxio Buskets, Frenki de Yong, Filippe Koutinyo, Ansu Fati, Antuan Grizmann, Lionel Messi.

“Real Madrid”: Tibo Kurtua, Ferlan Mendi, Serxio Ramos, Rafael Varan, Nacho, Kazemiro, Toni Kroos, Luka Modrich, Marko Asensio, Vinisius Junior, Karim Benzema.

“Daryo” talqini bo‘yicha taxminiy hisob — 2:2.

Uchrashuvni Xuan Martines boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi.

Foro: Twitter

La Liga

7-tur bahsi

24-oktabr, shanba, 19:00

“Barselona” — “Real Madrid”

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!