“Yuventus” hujumchisi Krishtianu Ronalduning koronavirusga topshirgan takroriy testi yana ijobiy xulosa berdi, deya xabar qilmoqda Correio da Manha.

Foto: Twitter

Portugaliyalik futbolchi katta ehtimol bilan Chempionlar Ligasi doirasida “Barselona”ga qarshi kechadigan bahsni o‘tkazib yuboradi.

Uchrashuv 28-oktabr kuniga mo‘ljallangan. UEFA protokoli bo‘yicha Ronaldu uchrashuvda qatnasha olishi uchun o‘yindan bir hafta avval koronavirusga topshirgan testi salbiy natija berishi kerak.

Shuningdek, hujumchi A Seriya doirasidagi “Verona”ga qarshi o‘yinda ham qatnasha olmaydi.

AS xabariga ko‘ra, Ronaldu o‘yinga 24 soat qolganida koronavirus testidan muvaffaqiyatli o‘ta olsa “Barselona”ga qarshi uchrashuvda qatnashish huquqiga ega bo‘ladi. Ispan nashrida aytilishicha, turinliklar klubi futbolchining holati haqida UEFAga hisobot jo‘natgan. Unda futbolchida hech qanday alomatlar yo‘qligi va tana harorati ko‘tarilmagani haqida ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Portugaliya terma jamoasi yig‘ini vaqtida Ronalduda koronavirus aniqlandi. U “Yuventus”ning “Krotone” (1:1) va “Dinamo Kiyev”ga (2:0) qarshi o‘yinlarini o‘tkazib yubordi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!