O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi (KMF) sobiq rahbari Nurxon Nafasov tashkilot rahbarligiga qaytdi.

Foto: MOQ

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi Nurxon Nafasovni O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi (KMF) rahbarligidan noqonuniy bo‘shatilgan deb topdi va uni lavozimga tiklash haqida hal qiluv qarori chiqardi, deya xabar qilmoqda “Xabar.uz”.

1996—2006-yillar mobaynida mazkur federatsiyani boshqargan Nafasov o‘n ikki yillik tanaffusdan so‘ng (2018-yil, may) yana O‘zbekiston KMF rahbarligiga saylangandi. Biroq oradan to‘rt oy o‘tmay, u mojaroli tarzda lavozimdan chetlatilgan.

O‘sha vaqtda Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) Nafasovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qiladi. MOQ mutasaddi tashkilotga ajratilgan 125,56 million so‘m pul mablag‘ini maqsadsiz va ortiqcha ishlatganligi, shuningdek, sportchilardan olingan badal pullari talon-toroj qilingani haqida yozadi.

Biroz o‘tib Bosh prokuratura Karate milliy federatsiyasi mansabdorlar shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, ammo Nurxon Nafasov gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilinmaganini ma’lum qiladi.

2019-yilning avgust oyida Nurxon Nafasovning Karate federatsiyasi prezidentligidan olinishi haqidagi qaror sud tomonidan g‘ayriqonuniy deb topiladi.

Biroq shundan keyin ham Karate federatsiyasidagi holat barham topmaydi. 2019-yilning dekabrida KMFda navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkaziladi va unda avvalroq Nafasov o‘rniga saylangan Alamjon Mullayev federatsiya rahbarligida qolishi belgilanadi.

Shundan keyin Nafasov yana sudga murojaat qiladi va KMFning yuqorida aytilgan yig‘ilishida chiqarilgan qarorlarni haqiqiy emas deb topib va o‘zini KMF rahbarligiga qayta tiklashni so‘raydi.

Sud, yuqorida aytilganidek, da’voni qanoatlantirib, konferensiya bayonnomasi va yig‘ilish qarorini haqiqiy emas deb topish hamda Nurxon Nafasovni federatsiya raisligiga tiklash haqida hal qiluv qarorini chiqardi.

Aytilishicha, da’vogar sudda o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni qoplash talabini qo‘ymagan. Qonunchilikka ko‘ra, ishga tiklash haqidagi sud qarori darhol ijro etilishi kerak.

Ma’lumot uchun, 2020-yil boshida O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining (endilikda sobiq) rahbari Mullayev va boshqa mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (ishonib topshirilgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirish va talon-toroj qilish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgandi. Bugunga kelib, jinoyat ishining bir qismi sud muhokamasiga yuborilgan. Qolgan qismi bo‘yicha tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, Nurxon Nafasov Markaziy Osiyoda karate bo‘yicha qora belbog‘ 6-dan sohibi bo‘lgan ilk va yagona sportchidir. U 1996—2006-yillar oralig‘ida federatsiya prezidenti bo‘lgan. Bu davrda juda ko‘plab chempionlar yetishib chiqqan. Respublika bo‘ylab karate bilan shug‘ullanuvchilar soni 70 mingdan ortib ketgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!