O‘zbekiston karate federatsiyasi sobiq prezidenti Nurxon Nafasovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, deb yozmoqda MOQ matbuot xizmati.

Foto: MOQ

Qayd etilishicha, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi taqdim etgan ma’lumotlar asosida 2018-yilning 16-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan O‘zbekiston karate federatsiyasining sobiq raisi Nurxon Nafasov va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va 165-moddasi (Tovlamachilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

MOQ xabariga ko‘ra, tergov jarayonida amalga oshirilgan taftish natijasida noqonuniy xatti-harakatlar to‘g‘risidagi birlamchi ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topgan.

Nafasov federatsiya raisi lavozimiga tayinlangan kun – 2018-yil 16-maydan boshlab oktabr oyigacha 125 million 557 ming so‘mlik pul mablag‘ini belgilangan tarzda (terma jamoa a’zolari, ularni musobaqalarga tayyorlash harajatlari) sarflash o‘rniga, ularni maqsadsiz va ortiqcha ishlatganligi, tovlamachilik va hujjatlarni qalbakilashtirishga yo‘l qo‘yilganligi, sportchilardan badal pullarini yig‘ib olib, federatsiya g‘aznasiga kirim qilinmaganligi aniqlangan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi MOQ xabarida.

Ma’lumot uchun, Nurxon Nafasov Markaziy Osiyoda karate bo‘yicha qora belbog‘ 6-dan sohibi bo‘lgan ilk va yagona sportchidir. U 1996—2006-yillar oralig‘ida federatsiya prezidenti bo‘lgan. Bu davrda juda ko‘plab chempionlar yetishib chiqqan. Respublika bo‘ylab karate bilan shug‘ullanuvchilar soni 70 mingdan ortib ketgandi.

Eslatib o‘tamiz, Nurxon Nafasov bilan bog‘liq holat borasida “Kun.uz” nashri o‘tgan yil oktabr oyida yozgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!