Prezident Shavkat Mirziyoyev “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Farmonga muvofiq, 2020—2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 2025-yilga qadar davlat maktabgacha ta’lim tizimida o‘zbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030-yilgacha esa 80 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. 2030-yilga qadar umumta’lim maktablarida o‘quv yillari uchun tayanch o‘quv rejalarida ona tili fanini o‘qitish ko‘lamini amaldagi haftada 84 soatdan 110 soatgacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kafedralari sonini 2025-yilga qadar 120 taga, 2030-yilgacha esa 140 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida “O‘zbekiston milliy qomusi” jildlarini nashr etishni bosqichma-bosqich ko‘paytirib borish, 2020-yilda o‘zbek tilining lug‘at boyligini oshiruvchi 15 ta lingvistik, sohaviy-terminologik, izohli lug‘atlar yaratish ham asosiy yo‘nalishlar qatoridan o‘rin olgan.

Teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining o‘zbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030-yilgacha 100 foizga yetkazish asosiy yo‘nalishlardan biri etib belgilangan.

2025-yilga qadar davlat tilida sohaviy ish yuritish hujjatlarining yagona elektron namunalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish uchun 14 ta onlayn dastur ishlab chiqish, 2030-yilgacha esa ushbu ko‘rsatkichni 25 taga yetkazish reja qilingan.

Dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalari va elektron lug‘at dasturlarini yaratish, xorijliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatuvchi dasturlar yaratish farmonda asosiy yo‘nalishlar qatoriga kiritilgan.

Bundan tashqari, 2030-yilga qadar xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tilini o‘rgatuvchi markazlar sonini amaldagi 17 tadan 60 tagacha ko‘paytirish, 2025-yilga qadar “O‘zbek tilining do‘stlari” klublari sonini 30 taga, 2030-yilgacha esa 40 taga yetkazish ham nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning 10-aprel kuni “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” qonunni imzolagandi. Qonunga ko‘ra, 21-oktabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.