Xorazmda 16-oktabr kuni harbiy qism chegarachilari bilan o‘tkazilgan Ekologik nazorat tadbiri davomida 8 nafar fuqaro noqonuniy ov qilayotgani aniqlandi. Bu haqda Xorazm viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar berdi.

Foto: Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Ular Xorazm viloyatining Turkmaniston bilan chegaradosh Tuproqqal’a tumanining chegaraoldi hududida tungi soat 02:00 larda chegaraoldi hududlarida bo‘lish rejimini hamda ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzib, bir dona yovvoyi to‘ng‘izni otib o‘ldirgan.

Huquqbuzarlardan 6 ta ov quroli, 105 ta o‘q-dori va 4 ta qarmoq ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Mazkur huquqbuzarlik holati yuzasidan to‘plangan hujjatlar sud idoralariga taqdim etiladi.

“Xabar.uz” manbasi huquqbuzarlardan biri tuman hokimi o‘rinbosari, yana biri IIB mas’ul xodimi, qolganlari savdogarlar ekanini aytmoqda.

Avvalroq Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yil boshidan hozirgacha 37 ming 543 ta qonunbuzarlik holati aniqlangani xabar berilgan edi.