Toshkent viloyatida YPX komandiriga pora taklif qilgan haydovchi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda “Daryo”ga viloyat IIBB YHXB axborot xizmati.

Foto: Toshkent viloyati IIBB YHXB

Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida xizmat olib borayotgan YPX inspektori, safdor J.Ilhomov “VAZ-2106” rusumli davlat raqam belgisi 10K 804 RA bo‘lgan transport vositasining haydovchisi xavfsizlik kamarini taqmasdan kelayotgani uchun to‘xtatadi.

Tekshiruv jarayonida esa haydovchi spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda mashina boshqarayotganligi ma’lum bo‘ladi. Inspektor unga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yadi.

Bu qoidabuzarlik uchun katta miqdorda jarima to‘lashini, haydovchilik huquqidan mahrum etilishini bilgan haydovchi I.Burkeyev muammo yechimining noqonuniy yo‘llarini izlashni boshlaydi va aybini pora evaziga berkitmoqchi bo‘ladi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB YHXB

Shu maqsadda Toshkent viloyati IIBB YHXBning 3-mintaqaviy hudud yo‘l-patrul xizmati otryadining komandiri Farhod Musayevga murojaat qiladi. Musayev bu haqda IIVning O‘XB Toshkent viloyati bo‘limiga bildirgi yozadi.

Holat yuzasidan xavfsizlik xizmati xodimlari yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan zudlikda tezkor tadbir o‘tkazib, fuqaro A.R.ni otryad komandiriga bir million to‘rt yuz ming so‘m va 210 AQSh dollarini pora sifatida berayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan Piskent tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Avvalroq Samarqandda tibbiyot oliygohiga kiritib qo‘yishni va’da qilib, abituriyentdan 7 ming dollar olgan stomatolog, Samarqandda Malibu’sini jarima maydonchasidan chiqarib berish uchun IIB xodimiga 400 dollar taklif qilgan shaxs va Shahrisabzda mashinasini jarima maydonidan chiqarish uchun tuman YHXB boshlig‘iga pora berayotgan haydovchi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.