Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida ichki ishlar organi xodimiga pora taklif qilgan fuqaro qo‘lga tushdi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra qo‘shrabotlik 20 yoshli N. tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan holat yuzasidan jarima maydonchasiga joylashtirilgan Malibu’sini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga ichki ishlar xodimiga 400 AQSh dollari miqdorida pora taklif qilgan.
Qayd etilishicha, 2020-yil 5-oktabr kuni IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi va Qo‘shrabot tuman prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N. IIB xodimiga 400 dollarni pora sifatida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.
Avval Shahrisabzda mashinasini jarima maydonidan chiqarish uchun tuman YHXB boshlig‘iga pora berayotgan haydovchi qo‘lga olingani, Toshkentda bo‘shab qolgan deputatlik o‘rniga saylanishda yordam berish uchun 3000 dollar so‘ragan deputat fosh qilingani, Samarqandda giyohvand modda bilan qo‘lga tushgan o‘g‘lining ishini “yopish” uchun IIB xodimiga pora berishga uringan ayol qo‘lga tushgani haqida xabarlar berilgan.